Barchasi inson qadri uchun!

09:10 16 Dekabr 2021 Jamiyat
2361 0

Mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirish, uni mutlaqo yangi, zamonaviy bosqichga koʻtarish, soha xodimlarining aholi bilan hamkorligini yanada mustahkamlashga qaratilgan keng koʻlamli amaliy ishlar bajarilmoqda.

Bundan koʻzlangan maqsad, ichki ishlar organlarini aholiga oʻz vaqtida va sifatli yordam koʻrsatadigan, har bir xodimi tomonidan “Xalq manfaatlariga xizmat qilishni” oʻz xizmat burchi deb biladigan ijtimoiy yoʻnaltirilgan professional, xalqchil tuzilmaga aylantirishdan iborat.

Shukrki, xalqimiz xotirjam, emin-erkin hayot kechirmoqda. Osmonimiz hamisha musaffo. Buning zamirida esa barcha huquq-tartibot idoralari qatori ichki ishlar organlari xodimlarining ham kunlarni tunlarga ulab qilayotgan zahmatli xizmati yotibdi. Davlatimiz ekstremizm, terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirish, turli huquqbuzarliklarning oldini olish uchun avvalo, ichki ishlar organlarining quyi boʻgʻini boʻlgan profilaktika xizmatini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Chunki aynan shu soha vakillari hamisha xalq ichida boʻladi. Aholining muammolarini yaxshi bilishlari uchun profilaktika inspektorlariga mahalla fuqarolar yigʻini raisining huquq-tartibot masalalari boʻyicha oʻrinbosari maqomi berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martda qabul qilingan “Jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni asosida mavjud mahallalarning har birida kamida bir nafardan profilaktika inspektori faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida qoʻshimcha 2,8 mingdan ziyod shtat birliklari tashkil etildi.

Ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni toʻlaqonli bajarish uchun har bir xodim keng dunyoqarashli, yuksak maʼnaviyat sohibi boʻlishi lozim. Bu boradagi ishlar ham davlatimiz rahbarining eʼtiboridan chetda qolmadi. Prezidentimizning 2021-yil 2-apreldagi qarori bilan “Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish” konsepsiyasi tasdiqlandi. Konsepsiyada belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan hamkorlikda “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. Maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni samarali tashkil etishda ichki ishlar organlari amaliyotida ilk bor yettita vazirlik va idora bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi. Bularning barchasi shaxsiy tarkib bilan oʻtkaziladigan maʼnaviy-maʼrifiy hamda tarbiyaviy ishlarni yanada kuchaytirish imkoniyatini yaratdi.

Aytish lozimki, konsepsiyada belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida ichki ishlar organlarida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, har haftaning juma kuni “Vatanparvarlik kuni” tadbirlari tashkil etilishi yoʻlga qoʻyildi. Idoraviy taʼlim muassasalarida esa “Vatanparvarlik asoslari”, “Maʼnaviyat asoslari”, “Vatanparvarlik tarbiyasi”, “Kasbiy madaniyat” kabi fanlar oʻqitilishi joriy etildi.

Oʻtgan qisqa davr ichida 60 mingdan ortiq turli maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy tadbirlar, davra suhbatlari, tarbiyaviy-profilaktik hamda targʻibot-tashviqot ishlari oʻtkazildi.

Ushbu yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida Ichki ishlar vaziri raisligida “Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi” faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Kengash aʼzoligiga tarkibiy va hududiy boʻlinmalarining 50 nafar rahbari kiritildi. Avvallari ushbu ishlar bilan faqat kadrlar boʻlinmalari shugʻullangan boʻlsa, endilikda barcha toifadagi rahbarlarning asosiy vazifalaridan biriga aylandi.

Shaxsiy tarkib oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish ham diqqat markazimizda. Bu borada alohida meʼyorlar belgilanib, xodimlarning kitob oʻqishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shuningdek, ichki ishlar organlarining “Eng yaxshi maʼnaviyat va maʼrifat xonasi”, “Eng yaxshi kitobxon”, “Eng yaxshi kutubxona”
va “Eng faol faxriy xodim” koʻrik-tanlovlari tashkil etildi.

Yurtimizda yosh avlodga boʻlgan eʼtibor har qachongidan ham kuchaygan. Chunonchi, bola huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida ham tub oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga muvofiq, mamlakatimiz boʻyicha ichki ishlar organlarida jami 1100 ta voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixolog lavozimlari joriy etildi va ularning bevosita xizmat oʻtash joyi etib umumiy oʻrta taʼlim maktablari belgilandi.

Xalqimizda “Mahalla — ham otang, ham onang” degan maqol bejiz ishlatilmaydi. Mahallaning tarbiya maskani sifatida yanada shakllanishiga barcha birday hissa qoʻshmogʻi lozim. Shularni hisobga olgan holda, mahalla va qishloqlarda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini bevosita amalga oshiradigan, shuningdek fuqarolarning xavfsizligi va osoyishtaligini taʼminlash borasida ichki ishlar organlari, boshqa huquq-tartibot idoralari va jamoat tuzilmalarining mahallalar kesimida birgalikda ishlashini tashkil etish maqsadida Mahalla huquq-tartibot maskani tuzilmasi joriy qilindi. Ushbu maskanda profilaktika inspektorlari aholining muammolarini yaqindan oʻrganish maqsadida mahallabay, xonadonbay va fuqarobay tamoyillari asosida ish olib borish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar doirasida aholining tinch va osoyishta hayotini taʼminlash hamda jamiyatimizda qonunga itoatkorlik va jamoat xavfsizligi madaniyatini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, jamoat xavfsizligini taʼminlash yoʻnalishidagi ishlarni “Xalq manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida tashkil etishning mutlaqo yangi mexanizm va tartiblari joriy etilib, davlat organlarining jamoatchilik tuzilmalari bilan oʻzaro maqsadli hamkorligi yoʻlga qoʻyildi.

Shu bilan birga, jahonda kuchayib borayotgan turli xavf-xatar va ziddiyatlar, el-yurt tinchligi va osoyishtaligiga tahdidlar, pandemiya, tabiiy va texnogen ofatlar masʼul davlat tuzilmalariga oʻz faoliyatini “Barcha saʼy-harakatlar inson qadri uchun” degan ustuvor gʻoya asosida yanada takomillashtirish vazifasini yuklamoqda.

Prezidentimizning 2021-yil 29-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni mazkur sohaviy xizmatdagi islohotlarning mantiqiy davomi boʻldi. Unga koʻra, ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi faoliyatini taʼminlash, profilaktik hisob va maʼmuriy nazoratdagi shaxslarni ijtimoiy moslashtirish ishlarini tashkil etish, voyaga yetmaganlar va yoshlar, ayniqsa, ularning uyushmagan qismi bilan manzilli tarbiyaviy va profilaktik chora-tadbirlarni samarali tashkil etish orqali ular orasida huquqbuzarliklarning oldini olish Jamoat xavfsizligi departamentining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

Maʼlumki, ichki ishlar organlari, ayniqsa, profilaktika inspektorlari kundalik faoliyatida bevosita aholi bilan muloqotda boʻladi. Tabiiyki, fuqarolar turli masalalarda murojaat etishadi. Qolaversa, jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish uchun osoyishtalik posboni kerakli bilimlarga ega salohiyatli kadr boʻlmogʻi kerak. Bu esa ulardan ayniqsa, chuqur huquqiy bilimli boʻlishni talab etadi. Shuning uchun Farmonga koʻra, 2024-yil 1-sentyabrdan eʼtiboran Toshkent shahar ichki ishlar organlari, 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab qolgan hududiy ichki ishlar organlari profilaktika katta inspektori lavozimlariga faqat oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan xodimlar tayinlanadi. Bunga erishish maqsadida profilaktika inspektorlari uchun IIV Akademiyasi sirtqi taʼlimiga qabul qilinadigan xodimlar umumiy sonining kamida yigirma besh foizi miqdorida qabul kvotasi ajratiladi. Hujjatda fidoyi xodimlarni ragʻbatlantirish ham koʻzda tutilgan.

Shu oʻrinda davlatimiz rahbarining 2021-yil 30-noyabrdagi “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining yuridik yoʻnalishdagi bilimlarini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori xususida toʻxtalib oʻtish joiz.

Unga asosan, 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab ichki ishlar organlarida uch yildan ortiq ish stajiga ega boʻlgan, kasbiga fidoyi, tashabbuskor profilaktika (katta) inspektorlarini Jamoat xavfsizligi universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda yurisprudensiya sohasida bakalavriat taʼlim yoʻnalishi mavjud boʻlgan boshqa davlat oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarisiz sirtqi taʼlim shakliga oʻqishga qabul qilish tartibi joriy etiladi. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi hamda Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti bundan mustasno. Oʻqishga qabul qilish toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi hamda kontrakt mablagʻlari respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan Ichki ishlar vazirligi orqali toʻlab beriladi.

Taʼkidlash joizki, tizimda bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida oʻsib kelayotgan yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni ularning ongiga singdirish hamda yuksak maʼnaviyatli va sadoqatli qilib voyaga yetishlarini taʼminlash yotadi. Bu borada IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti ichki ishlar organlarida tashkil etilayotgan “Vatanparvarlik burchaklari”ni oʻrnatilgan tartibda jihozlanishida amaliy yordam koʻrsatib kelmoqda. Eng asosiysi, Departament tashabbusi bilan chop etilayotgan turli kitoblar yosh xodimlarning maʼnaviyati oshishida muhim ahamiyat kasb etayotir.

Umuman, Yangi Oʻzbekiston sharoitida ichki ishlar organlari xodimlari, ayniqsa, xalqqa eng yaqin boʻlgan profilaktika inspektorlari oldida muhim vazifalar turibdi. Bu vazifalarni samarali bajarish esa ulardan kasbiy mahorat, boy tajribadan tashqari, chuqur huquqiy bilimni ham talab etadi. Yuqorida tilga olingan har ikkala hujjat ana shu ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi. Qolaversa, har tomonlama bilimli profilaktika inspektorlarigina, davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, mahallaning ichki ishlar organlaridagi haqiqiy vakili boʻla oladi.

Hamza MAXSUMOV,

IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar xizmati boshligʻi, polkovnik.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер