Baxt oʻzi nimadir? (sud zalidagi oʻylar)
Baʼzan boshimizga kulfat tushganda oʻzimizni ovutishga harakat qilamiz. Bu dunyo kimga vafo qilibdiki, men mehrga umidvor boʻlsam, deymiz tan berib. Aslida ham shundaymikin? Balki, oʻzimiz dunyoga vafo qilmayotgan boʻlsak-chi? Fukarolik ishlari boʻyicha Andijon viloyat sudida navbatdagi ochiq sud jarayonida ishtirok etar ekanman, xayolimdan shu fikrlar oʻtdi. Bunga daʼvogaru, guvohlarning koʻrsatmalari sabab boʻldi.
— Aslini olganda atrofimdagi insonlardan farqlanib turadigan jihatim yoʻq edi, — hikoya qiladi daʼvogar Svetlana Rashidova (ayrim sabablarga koʻra ism-shariflar oʻzgartirilmoqda). — Xonobod shahrida tugʻilib, voyaga yetdim. Bogʻchaga, maktabga bordim. Hamma qatori yashadim, oʻyladim, ishladim. Oʻzbek yigiti bilan turmush qurdim. Qiz farzandli boʻldik. Unga muhabbatimiz mevasi boʻlgani bois “Muhabbat” deya ism berdik.
Inson yoʻldan adashmasin ekan. Baʼzan bilib-gohi bilmay notoʻgʻri yoʻlga kirib qoldim. Spirtli ichimlikka ruju qoʻydim. Kayfu safoda oʻtayotgan har bir kunimni baxt, deb oʻyladim. Mana shu hayot tarzi umrim mazmuniga aylana boshladi. Qizalogʻimga yaxshi ona boʻlish, uni axloqli qilib tarbiyalash xayolimga ham kelmadi. Har bir bosgan nojoʻya harakatim meni gʻaflat sari boshladi. Qarabsizki, jinoyat sodir etdim. Natijada 2010-yilning aprel oyida 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildim. Oʻshanda qizim atigi uch yoshda edim. Oilam parokandalikka yuz tutib boʻlgani bois farzandimni tarbiyasiga oladigan yaqinlarim topilmadi. Shuning uchun u Andijon shahridagi “Bolalar shaharchasi”da tarbiyalana boshladi. Jazoni ijro etish muassasasi jazolovchi emas, balki qayta tarbiyalovchi maskan ekan. Bu yerdagi har bir kunim ortda qolgan chirkin xotiralardan saboq chiqarishga undadi. Oʻzimni oqlash uchun har qancha sabab axtarmayin, baribir joʻyali sabab topa olmasdim. Alamimni mehnatdan ola boshladim. Qarabsizki, binoyidek hunarmandga aylanib qoldim. Yillar oʻtgani sari bir paytlar spirtli ichimlik uchun kerak boʻlsa bolamni chetga surganimni oʻylab, vijdonim azob cheka boshladi.
Bu yerda men kabi ayollar koʻp edi. Har oyda ularning ortidan yoʻqlab kelguvchi yaqinlarini koʻrib yuragim allanechuk orziqib ketardi. Garchi, jinoyatchi boʻlsada, ortidan yoʻqlaguvchilari, izlab kelguvchilari, kutguvchilari bor edi ularning. Meni-chi? Men ham kimgadir kerakmikinman? Ana shu savollar hayotimdagi xatolarimning salmogʻi nechogʻli ogʻir ekanligi ifoda eta boshladi.
Koʻzlarimni chirt yumib, alamdan oqayotgan achchiq yoshni ichimga yutgim keladi. Shu zahoti koʻz oʻngim qorongʻulashadi va jajjigina qoʻlchalarini menga choʻzgancha yigʻlayotgan qizimning siymosi paydo boʻladi... Men uni sogʻina boshladim, uni koʻrgim kela boshladi, sal boʻlsa xotiramdan oʻchib ketay degan qiyofasini xayolan chiza boshladim...
Har bir kunim yilga tatigulik damlar asta ortga chekina boshladi. Kutilmaganda menga nisbatan afv eʼlon qilindi. Tasavvur qilyapsizmi? Meni afv etishdi. Mendek jinoyatchi ayol meni yoʻqlaguvchi hech kim yoʻq, deb bu bevafo dunyoga yuz oʻgirib yurgan bir pallada meni, mening taqdirimni oʻylaguvchi hukumatim borligidan nechogʻli baxtiyor ekanligimni bilsangiz edi. Men bu davlatning qonunlariga qarshi chiqdim, uning axloq meʼyorlarini mensimadim, u boʻlsa menga yana bir imkon berdi, hayotga boʻlgan ishtiyoqimni oshirdi.
Jazoni ijro etish muassasasidan qaytgach, Xonobod shahrida yashay boshladim. Inson hayotga qanchalar yaxshi nigoh bilan boqsa hayot ham unga oʻz yaxshiliklarini ravo koʻrar ekan. Kutilmaganda Stepan bilan tanishib qoldim. Oʻrtada farzand boʻlmaganligi bois oilasi ayro tushgan ekan. Biz oila qurdik. Uning onasi bilan bir xonali uyda birga yashay boshladik. Bu orada qaynonam va Stepanga qizim borligini aytdim. Ular esa farzandimni olib kelishimni, katta bir oila boʻlib yashashimiz lozimligini aytishdi. Biroq men qizimni oʻz vaqtida tarbiyamga qaytarib olmaganligim sababli 2018-yilning 7-noyabr kuni Xonobod shahar prokurorining daʼvo arizasiga koʻra Qoʻrgʻontepa tumanlararo sudining qaroriga binoan onalik huquqidan mahrum etilgan edim.
Shundan soʻng qizimni qaytarib olish maqsadida sudga murojaat qildim. Afsuski, buning imkoni boʻlmadi. Boisi, bir xonali uyda farzandimni katta qilish, tarbiyalash uchun yetarli sharoit mavjud emas ekan. Shundan keyin turmush oʻrtogʻim bilan ikki xonali uyni ijaraga olib, bir xonasini qizim uchun hozirladik. Andijon shahriga borib, undan xabar olib turdik. Muhabbat ham endi avvalgi murgʻakkina qizaloq emas edi. Stepanni koʻrgan zahoti “Dada” deb boʻyniga osilib oldi».
Ayolning hikoyasini tinglayapmanu, xayolim yana oʻylar iskanjasiga gʻarq boʻldi. Biz baʼzan baxt tushunchasini oʻzimizcha anglaymiz. Bolalikda chiroyli koʻylak kiysak, dadamiz velosiped olib bersa, ota-onamiz janjallashmasa biz uchun baxt shudir! Maktabda oʻqituvchidan yoki bolalardan dakki yemasak, institutda oʻqisak, oʻzimiz sevgan kasbda ishlasak, koʻngil qoʻygan insonimiz bilan turmush qursak shuni baxt deb oʻylaymiz. Baxtning shakli shunchalar koʻpmi? Nega hayotimizdagi har bir yaxshi amallaru, quvonchli damlarning nomini baxt, deb ataymiz! Bilsangiz agar, menga hozir bu savolga javob topishning umuman ahamiyati ham qolmagandi. Chunki, qarshimda turgan ayolning nazdidagi baxtni koʻrgim kelardi! Ayol bu baxtga erisharmikin? Farzandiga onalik huquqini qaytarib olishiga yoʻl qoʻyilarmikin?
— Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sud Plenumining 1998-yil 11-sentyabrdagi «Bolalar tarbiyasi bilan bogʻliq nizolarni hal qilishda sudlar tomonidan qonunlarni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida»gi 22-sonli qarorining 20-bandiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 82-moddasiga muvofiq sudlar ota-onalik huquqini tiklash toʻgʻrisidagi daʼvolarni koʻrishda ota-onalarning xulq-atvori va turmush tarzi oʻzgargan- oʻzgarmaganligini, ularning bolalarini tarbiya qila olish-olmasliklarini sinchiklab tekshirishlari lozim, — deydi Andijon viloyat sudi sudyasining katta yordamchisi Kamronshox Rasulov. — Ota-onalik huquqini tiklashga agar bu bolalarning manfaatlariga mos kelsa, yoʻl qoʻyiladi.
Sud zalidan chiqar ekanman, bir-birini bagʻriga mahkam bosgancha, baxti bekamlikni oʻzida ifoda etgan oilaga endi aslo koʻz tegmasligini tiladim. Ona boladan, bola onadan, oila aʼzolari bir-birlaridan ayro tushmasin.
Ha aytgancha, boya baxt haqida gapirayotgandim... Bilsangiz agar baxt degani oʻtayotgan har bir daqiqamizdan minnatdor boʻlib, unga shukr keltirib yashashda ekan. Ana shu baxtdan benasib qoʻymasin...
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring