Bayram arafasida harbiylarga yangi uylar topshirildi

21:34 12 Yanvar 2023 Jamiyat
952 0

Foto: Xalq so‘zi

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 31 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Samarqand shahri Qorasuv massivida harbiy xizmatchilarga 90 ta xonadon tantanali ravishda topshirildi.

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi, sektor rahbarlari ishtirok etdi.

Unda mamlakatimiz mudofaasini mustahkamlash, milliy armiyamizning salohiyatini har tomonlama oshirish borasida olib borilayotgan islohotlar haqida soʻz yuritildi.

Taʼkidlanganidek, ushbu yangi xonadonlar harbiylarga imtiyozli ipoteka krediti asosida berilgan boʻlib, boshlangʻich toʻlov summasi Mudofaa vazirligi tomonidan toʻlangan. Muddati 20 yilgacha boʻlgan kreditning dastlabki uch yilida harbiylar 7 foizdan, keyin qayta moliyalash stavkasi boʻyicha toʻlovlarni amalga oshiradi.

14-yanvar - Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Urgut tumanining Vatkan-Qoʻzibek mahallasidagi 9224-sonli harbiy qismga qarashli chegara qoʻriqlash boʻlinmasining harbiy xizmatchilari uchun ham yangi qurib bitkazilgan 32 xonadondan iborat koʻp qavatli xizmat uyi foydalanishga topshirildi.

Viloyatda, shuningdek, Vatanparvarlik oyligi doirasida qator targʻibot tadbirlari boʻlib oʻtyapti. Kuni kecha Samarqand garnizonidagi Maʼnaviyat va maʼrifat markazida harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari uchun Oʻzbekiston davlat drama teatri jamoasi tomonidan bayram dasturi namoyish etildi. Dastur davomida ijodkorlar tomonidan “Otasining qizi”, “Jinlar bazmi”, “Toʻmaris” spektakllaridan parchalar namoyish etildi.

Bundan tashqari “Milliy armiyamiz – Yangi Oʻzbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida oʻtayotgan qator uchrashuvlar davomida yoshlar harbiylar hayoti, qurol-aslaha va texnikalarni bevosita koʻzdan kechirib, Qurolli Kuchlarimizni yanada takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻlyaptilar. Bu esa ularda milliy armiyamizga boʻlgan iftixor tuygʻusi oshirishga xizmat qilmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер