Bagʻdodda “unchi” moliyaviy firibgarlarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

17:24 29 Aprel 2020 Jamiyat
1697 0

Illyustrativ foto

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Fargʻona viloyati, Bagʻdod tumani boʻlimi tomonidan hududda unni aholiga kafolatli tarzda va arzon narxda yetkazib berishda taʼsir koʻrsatayotgan shaxslar toʻgʻrisida olingan maʼlumotlar tezkor guruh tuzilgan holda zudlik bilan oʻrganildi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʻlimi boshligʻi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.

Oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, “I” oilaviy korxonasi va “I-L” koʻp tarmoqli firmasi rahbari I.M. tovar xomashyo birjasi orqali un sotib olishda shubha uygʻonishini oldini olish hamda narxlarni oshirib boshqa xaridorlarni savdodan chiqarish maqsadida korxona ishchi va xizmatchilari hamda oʻzining qarindoshlari nomiga 10 ta oilaviy korxona, 5 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektini tashkil qilgan.

Tashkil etilgan nominal korxonalar va yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlarini I.M. oʻzi amalda yuritib, ushbu korxonalar rahbarlarining xabardorligisiz tovar-xom ashyo birjasi orqali don mahsulotlari korxonalaridan un sotib olish uchun brokerlik xizmati koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomalarda imzolarni soxtalashtirib taqdim etgan.

Soʻngra I.M. brokerlar orqali sotib olingan unlarni olib chiqish uchun ishonchnoma hamda boshqa hujjatlardagi imzolarni soxtalashtirib, 2019-yilning oktyabr oyidan 2020-yilning 15-apreliga qadar jami 18,3 mlrd soʻmlik 7 800 tonna unni olib, narxlarni sunʼiy ravishda oshirgan holda aholiga sotayotganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan I.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Jinoyat ishi viloyat prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olingan.

“Barcha tadbirkorlarni xalqimizni sinayotgan ushbu davrda hamjihat boʻlib narxlarni asossiz oshirmasliklarini, halollik va qonunga itoatkorlik bilan faoliyatlarini amalga oshirishga chaqirib qolamiz” deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер