BAA Oʻzbekistonga 8 tonnalik insonparvarlik yordamini joʻnatdi
Birlashgan Arab Amirliklari hukumati Oʻzbekistonga 8 tonnalik insonparvarlik yordamini joʻnatdi. Bu haqda Oʻzbekiston aralash jang sanʼatlari assotsiatsiyasi prezidenti va Oʻzbekiston Triatlon federatsiyasi raisi Otabek Umarov maʼlum qildi.
“Birlashgan Arab Amirliklari hukumatiga pandemiyaga qarshi kurashda Oʻzbekiston xalqiga koʻrsatgan yordami uchun minnatdorlik izhor etaman! Bugun 8 tonnadan ortiq gumanitar yordam maxsus reys bilan Toshkent aeroportiga olib kelindi. Tibbiy niqoblar, qoʻlqoplar, himoya kostyumlari va boshqa vositalar bizga COVID-19 hujumiga qarshi turishga yordam beradi.
Biz bu ogʻir damlarda yolgʻiz emasligimizni bilishdan mamnunmiz va ayniqsa mamlakatingiz old qatorlarda koronavirusga qarshi kurash olib borayotgan bir paytda bizni ham qoʻllab-quvvatlayotganingizni qadrlaymiz”, — deya taʼkidlagan Triatlon federatsiyasi raisi Otabek Umarov oʻzining “Telegram” kanalida.
OAV xabariga koʻra, ushbu yuklar Oʻzbekiston SSVga topshirilgan va vazirlik koronavirusdan davolanayotgan va karantindagi fuqarolar boʻlgan tibbiyot muassasalariga taqsimlab beradi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring