“Avtomashina disklari” operatsiyasiga chek qoʻyildi
Ayrim shaxslarning turli yoʻllar orqali tovar-moddiy boyliklarni yurtimiz hududiga noqonuniy olib kirishga urinishlariga bojxona organlari tomonidan oʻz vaqtida chek qoʻyilmoqda.
Ana shunday qingʻirliklarning yana biri Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Chuqursoy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida fosh etildi.
DBQ axborot xizmati xabariga koʻra, xorijdan temir yoʻl konteynerida olib kelingan 3 turdagi yengil avtomobillar uchun moʻljallangan gʻildirak disklar belgilangan tartibda bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.
Natijada, mazkur konteynerda yuklarga tegishli hujjatlarda koʻrsatilganidan ortiqcha boʻlgan, qiymati 260 mln. soʻmlik 260 dona yengil avtomobillar uchun moʻljallangan gʻildirak disklari borligi aniqlandi.
Shuningdek, mazkur tovarlarga 24,7 mln. soʻm miqdorda qoʻshimcha bojxona toʻlovlari hisoblandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring