Avtobus haydovchisi karantindan chiqqanlarni uylariga yetkazmasdan yoʻlda tashlab ketgani maʼlum boʻldi
arxiv foto
Toshkentda karantin zonasidan chiqqan fuqarolarni avtobus soʻnggi yoʻlovchilarini oʻzaro tushunmovchilik sabab manzillariga yetkazmagan. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmati xabar bermoqda.
Maʼlum qilinishicha, 10-aprel kuni Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan karantin oʻtash maxsus hududida boʻlgan fuqarolarga uylariga qaytish uchun ruxsat berilgan.
Ularni manzillariga yetkazish uchun esa “Toshshahartransxizmat” AJ jami 11 ta MAN rusumli turistik avtobuslar ajratgan boʻlib, shundan 6 tasi viloyatlarga ketuvchi fuqarolarni belgilangan manzillarga yetkazish uchun biriktirilgan. 5 ta avtobus esa, Toshkent shahrida yashovchi fuqarolarni manzillariga yetkazib qoʻyishi belgilangan.
Barcha avtobuslar fuqarolarni belgilangan manzillarga yetkazgan. Faqat poytaxtning Janubiy vokzal, 16-shahar shifoxonasi, Chilonzor metrosi, Farhod bozori, Olmazor, Sebzor yoʻnalishlari boʻyicha ketayotgan avtobus soʻnggi yoʻlovchilarini oʻzaro tushunmovchilik sabab manzillariga yetkazmagan.
Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlganidan soʻng, yuzaga kelgan mazkur vaziyat jamiyat mutasaddilari tomonidan oʻrganilgan.
MAN rusumli turistik avtobus haydovchisi M.X. haqiqatan ham 3 nafar fuqaroni oʻz manziliga (Algoritm mavzesi) yetkazmasdan, Farhod bozori atrofida tushirib qoldirganini tan olgan. Oqibatda ushbu fuqarolar yoʻlda qolib ketgan.
Aytilishicha, haydovchining ushbu xatosi sabab unga nisbatan maʼmuriy javobgarlik jazosi qoʻllanilgan, biroq aynan qanday jazo tayinlanganiga aniqlik kiritilmagan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring