“Avliyo Sofiya” masjididagi ilk juma namoziga prezident tashrif buyurdi
15 asrdan beri xristianlar va musulmonlar tomonidan eʼzozlanib kelinayotgan Turkiyadagi “Avliyo Sofiya” binosi shu oyning boshida yana masjidga aylantirilgach, 24-iyul kuni erta tongdan bu yerdagi ilk juma namoziga minglab turk musulmonlari yigʻildi.
“Biz bugun 86 yillik maqsadimizga yetdik. Prezidentimiz va sud qarorining sharofati bilan biz juma namozini “Avliyo Sofiya”da ado etamiz”, deydi namozga kelganlardan biri Sait Kolak bu yerning deyarli 90 yildan beri muzey boʻlib kelganini taʼkidlar ekan.
Oltinchi asrda Vizantiya imperiyasi tomonidan Konstantinopolda (hozirgi Istanbul) qurilgan “Avliyo Sofiya” 900-yil davomida cherkov vazifasini oʻtadi.
Oʻn beshinchi asrda turklar bu yerni zabt etdi va “Avliyo Sofiya”ni masjidga aylantirdi. Lekin yigirmanchi asrda Kamol Otaturk davriga kelib bu ibodatxona muzey maqomini oldi.
Shu oyning boshida Turkiya Oliy Sudi “Avliyo Sofiya”ning 1934-yilda muzeyga aylantirishini noqonuniy deb topdi va bu yerni yana masjidga aylantirish haqida qaror chiqardi. Shundan keyin prezident Rajab Tayyip Erdoʻgʻan zudlik bilan “Avliyo Sofiya”ni masjid deb eʼlon qildi.
Bugun bu yerda prezident namozga chaqiruv - azonni oʻqidi.
“Avliyo Sofiya”ning masjidga aylantirilishi xristianlik dinining namoyondalari tomonidan qattiq tanqid ostiga olindi. Ularning soʻzlariga koʻra, bu binoning faqatgina musulmonlar uchun ibodatxonaga aylantirilishi dinlararo kelishmovchilikning yuzaga kelish xavfini oshiradi.
Ammo Turkiya hukumati “Avliyo Sofiya” namozdan boshqa vaqtlarda barcha din vakillari uchun ochiq boʻlishini va bino ichidagi xristianlikka oid rasmlar saqlab qolinishini maʼlum qilgan. Unga koʻra, namoz paytida xristianlikka tegishli mozaykalar parda bilan toʻsib qoʻyiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring