Aslo oʻchmas yaxshilar yodi
Maʼlumki, 9-may yurtimizda Xotira va qadrlash kuni sifatida umumxalq bayramiga aylanib ulgurdi. Darhaqiqat, urush arafasida mamlakatimizda 6,5 millionga yaqin aholi yashagan boʻlsa, shundan 1 million 433 ming 230 nafar odam urushda bevosita ishtirok etgan. 604 ming 52 nafar hamyurtimiz urush maydonlaridan nogiron boʻlib qaytdi, 450 mingdan ortiq vatandoshimiz esa, qonli janglarda halok boʻlgan.
Biz azal-azaldan tinchliksevar xalqmiz. Aynan shu gʻoya targʻibotga bagʻishlangan milliy maʼnaviy merosimiz bor. Ularning barchasida tinchlikning qadriga yetish targʻib qilinadi, urush esa batamom qoralanadi. Zero, tinchligi buzilgan kichik bir xonadon ham, katta bir mamlakat ham aslo xotirjam boʻla olmaydi. Qariyalarimiz duolarining debochasi ham “..tinchlik-hotirjamlik, xayru barakasini bersin»niyati bilan boshlanadi.
1999-yildan boshlab Xotira va qadrlash kuni sifatida ardoqlanib kelinayotgan yodnoma bayramimizni oʻzimiz tanladik. Chunki har bir xalq qanday yashashi, nimani qadrlashi, qaysi sanalarni tantana qilishini oʻzi hal etadi. Bunda u oʻz tarixiy arkonlaridan kelib chiqadi, bugunini oʻylaydi va kelajagini nazarda tutadi.
Oʻzbekiston buning chinakam namunasini koʻrsatdi. Xotira va Qadrlash kuni oʻzgacha, aniqrogʻi, milliy xususiyat kasb etdi. Bu bayramning mazmun-mohiyati butkul oʻzgardi – u xalq xotirasi va insonni qadrlash kuniga aylandi.
Xalq xotirasi deganda koʻz oʻngimizda vatanni Vatan qilgan, xalqini birlashtirgan, uning davlatchiligi yoʻlida kurashgan, kuch-qudratini, ilmu tamoyilini ayamagan, kerak boʻlsa, shu yoʻlda hech ikkilanmay jonini fido qilgan ne-ne buyuk zot bir-bir oʻtadi. Shiroq, Toʻmaris, Sohibqiron Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Mirzo Ulugʻbeklar siymosini kimni qanday qadrlab xotirlashni oʻrgatayotganday boʻlaveradi...
Bu oʻgitlar asrlarga, siymolarga muhrlandi. Xotira maydonidagi temir “daftar”idagi zarhal harflar jiviri, Motamsaro Onaning koʻzidagi mung, Gʻalaba bogʻidagi sukut, koʻkragi toʻla ordenu medallar shodasining jarangi susayib borayotgan nuroniy xokisorlarimizning qaddi, alvon gullar tobora oʻz egasini topa olmayotganligi kishining aqlini shoshiradi, unutganlaringni yod olishga shoshirtiradi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan ularning har biriga 12 million soʻm miqdorida bir martalik pul mukofotini Respublika Prezidentining shaxsiy tabriknomasi bilan yetkazilib berilayotganligi ham shunchalik aziz va ardoqlidir.
Vatan qahramonlarini xotirlash, oramizdagi fidoyi insonlarning, tinchlikning qadriga yetish, xotirjam, osoyishta yashayotganimiz, farovonlikni taʼminlash uchun unumli mehnat qilishimizning shukronasi har qanday kishini maʼnan ragʻbatlantiradi, uni yashashga, yaratishga, elu yurtga sadoqat va qatʼiyat bilan xizmat qilishga undaydi.
Zero, yaxshilar yodi aslo oʻchmaydi.
Gulruh AGZAMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring