“Asl Billur” MCHJda qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari ishlab chiqarilayotganligi aniqlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi va Chilonzor tuman boʻlimi tomonidan tuman Soliq inspeksiyasi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda “R.B.” MCHJga qarashli savdo doʻkoni sotuvchisi J.N. xaridor A.A.ga qalbaki QR-kod markirovkali 210 dona “Aurum” nomli alkogol mahsulotini 3,9 mln soʻmga sotgan vaqtida ushlanib, ushbu doʻkondan 3 xil turdagi “Asl Billur” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan qalbaki aksiz markali jami 6 370 dona alkogolli mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, tadbir davomida Chilonzor tumanidagi “Asl Billur” MCHJning ishlab chiqarish sexi va omborxonasi koʻzdan kechirilganida “xufyona” tarzda ishlab chiqarilib, sotish uchun tayyorlab qoʻyilgan jami 16 715 dona qalbaki aksiz markali alkogolli mahsulotlar saqlanayotganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, “Asl Billur” MCHJ masʼul shaxslari va boshqalar alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish uchun etil spirtini birja savdolari orqali sotib olmasdan, surishtiruv davomida shaxsini aniqlash imkoni boʻlmagan shaxslardan naqd pulga sotib olib realizatsiya qilganliklari maʼlum boʻlgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish), 192-11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan oʻz vakolatlarini suiisteʼmol qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring