Askar onalarini sharaflaymiz!
Foto: Халқ сўзи
Vatan ona kabi aziz va mukarramdir. Uning tinchligini saqlash, tugʻilib oʻsgan zaminni qoʻriqlash esa er yigitlarning muqaddas burchi. Mamlakatimizda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni oldidan oʻtkazilayotgan qator madaniy-maʼrifiy tadbirlarda ana shu burchni sadoqat bilan ado etayotganlar sharaflanmoqda .
Samarqand shahrida joylashgan Markaziy harbiy okrugining Madaniyat va maʼrifat markazida “Askar onalarini sharaflaymiz!” deb nomlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Unda “Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyat boʻlimi va boshqa tashkilotlar vakillari, muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan askarlarning onalari, harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Tadbirda davlatimiz rahbari rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar samarasida Milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish, yurtimiz va xalqimiz osoyishtaligini taʼminlashga hissa qoʻshish har bir yigit uchun yuksak shon-sharaf ishiga aylangani alohida taʼkidlandi.
— Oʻgʻlim Samarqand shahridagi Markaziy harbiy okrugi garnizonida muddatli harbiy xizmatni oʻtamoqda, — deydi oddiy askar S.Ummatovning onasi. — Bugun tadbirda bizga koʻrsatilayotgan ehtiromdan boshim koʻkka yetdi,el-yurt koriga yaraydigan oʻgʻlim borligidan faxrlandim.
Tadbirda yigitlik burchini oʻtayotgan askarlarning onalariga harbiy qismlarning komandirlaridan kelgan tashakkurnomalar, tashkilotchilarning esdalik sovgʻalari va badiiy kitoblar topshirildi.
Sanʼatkorlar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar esa barchaga yanada koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring