Ashxobodda “Toshkent” bogʻi barpo etiladi

20:14 18 Fevral 2021 Siyosat
1443 0

Turkmaniston poytaxtida barpo etiladigan yangi “Toshkent” istirohat bogʻi oʻzbek va turkman xalqlarining koʻp asrlik doʻstligi va yaxshi qoʻshnichilik tarixidagi yana bir muhim voqeaga aylanadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Mamlakatimiz elchixonasi maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov oʻrtasidagi ishonchli, ochiq va konstruktiv siyosiy muloqot tufayli soʻnggi yillarda ikki mamlakatning yaqin qoʻshnichilik, strategik sheriklik va doʻstlik munosabatlari har tomonlama rivojlanib, mustahkamlanib bormoqda.

Iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklik jadal kengaymoqda, ularning asosiy yoʻnalishi savdo-iqtisodiy, energetika, transport, aloqa va agrosanoat sohalaridagi birgalikdagi faoliyatni qamrab olgan.

Oʻzbek-turkman hamkorligining alohida eʼtiborga loyiq tomoni - tarixi, madaniyati, dini, urf-odatlari mushtarak oʻzbek va turkman xalqlarining yana-da maʼnaviy yaqinlashishini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlardir.

Toshkentda turkman shoiri va faylasufi Maxtumquli nomidagi koʻcha va xiyobon, “Ashxobod” bogʻi ochilgani, shuningdek, Xivadagi Oʻzbek-turkman doʻstlik uyi va “Ulli hovli” yodgorlik majmuasi buning yorqin dalilidir.

Oʻz navbatida, Turkmanistonda Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa buyuk oʻzbek shoir va mutafakkirlari xotirasi hamda merosi yuksak qadrlanadi, ularga chuqur hurmat va ehtirom bilan munosabatda boʻlib kelinmoqda. Ashxobod shahrining markaziy koʻchalaridan biri Alisher Navoiy nomi bilan atalgan, mazkur koʻchada joylashgan “Ilhom” xiyobonida buyuk bobokalonimizga yodgorlik oʻrnatilgan.

Turkmaniston poytaxtida buyuk oʻzbek shoiri, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiyning 580-yilligi va oʻzbek xalqining shonli farzandi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 538-yilligi keng nishonlandi.

Turkmaniston rahbariyatining mamlakat poytaxtida “Toshkent” bogʻini yaratish toʻgʻrisidagi qarori 17-fevral kuni Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov va Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov oʻrtasida Ashxobodda boʻlib oʻtgan muzokaralar yakunida eʼlon qilindi. Mamlakatimiz tashqi siyosat mahkamasi rahbari Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston Prezidentiga maktubini yetkazdi.

Mazkur uchrashuvda tomonlar ikki mamlakat ijodiy va ilmiy arboblarning uchrashuvlari, madaniyat kunlari, umumiy merosni asrab-avaylash, turkman va oʻzbek xalqlari doʻstlik rishtalarini mustahkamlashga hissa qoʻshadigan koʻrgazmalar, konsertlar, festivallarni muntazam ravishda oʻtkazish boʻyicha muvaffaqiyatli amaliyotni davom ettirish zarurligi toʻgʻrisida hamfikrlik izhor qildi.

Taʼkidlash joizki, 18-fevral kuni Turkmaniston Qurilish va arxitektura vazirligi Ashxobod shahar hokimligi buyurtmasi asosida Turkmaniston poytaxtida “Toshkent” istirohat bogʻini loyihalashtirish va qurish uchun tanlov eʼlon qildi.

Tender va unda ishtirok etish shartlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar «Neytralnыy Turkmenistan» markaziy hukumat gazetasida eʼlon qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер