Asakada banan va papaya yetishtirilmoqda

11:50 16 Yanvar 2025 Jamiyat
258 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Asaka tumanida istiqomat qiluvchi Mohirjon Toʻraqulov tomorqasida barpo etilgan issiqxona ayni damda tajriba maktabiga aylandi. Boisi, nafaqat respublikamiz, balki qoʻshni davlatlardan kelgan qiziquvchilar tomorqada banan yetishtirish sirlarini oʻrganmoqda.

— Banan dunyo boʻyicha allergiya keltirib chiqarmaydigan yagona hosildir, — deydi Mohirjon biz bilan suhbatda. — Respublikamiz sharoitida zararli hasharotlar tushmaydigan meva hisoblanadi. Shu bois parvarish davomida unga nisbatan hech qanday kimyoviy moddalar qoʻllanilmaydi. Banan koʻchatlarini tajriba sifatida issiqxonada parvarishladim. Issiqxona termos usulida, yaʼni qoʻshqavat plyonka ostida barpo etilgani uchun deyarli isitilmaydi. Shu bois hosilni yetishtirishda ortiqcha xarajatlarga hojat qolmadi. Sinov tariqasida issiqxonamning bir chetiga 9 tup papaya koʻchatlarini ham oʻtqazgandim. Ular ham mevaga kirdi. Shu kunlarda har bir donasi 100 ming soʻmdan ortiq. Bir tup koʻchatdan 50 kilogacha hosil olish mumkin. Kelgusida issiqxonamni kengaytirish va banan uchun ixtisoslashtirishni reja qilganman. Sababi, bizning tumanda 7 metr yer ostidan suv chiqadi. U yilning toʻrt faslida ham bir xil iliq haroratda boʻladi. Demak, yerni oʻyib, issiqxonani chuqurlikda barpo etish yana ham koʻproq samara beradi.

Mohirjon 5 sotixdan iborat issiqxonasida 110 tup banan koʻchatini parvarishladi. Ayni paytga kelib har bir koʻchat oʻrtacha 35 kilodan hosil berdi. Bir yilda ikki marta hosil yigʻish mumkinligini inobatga olsak, demak, yillik daromad 150 mln. soʻmni tashkil etmoqda. Mintaqamiz iqlim sharoitiga mos banan koʻchatlari haqida xabar topgan qiziquvchilar Mohirjonni yoʻqlab kela boshladi. Endilikda Qirgʻiziston va Tojikiston Respublikalaridan ham koʻchat uchun buyurtmalar naqd. Buning uchun koʻchatlar tomorqaning oʻzida invetro usulida yetishtirilmoqda. Kichik tomorqadan boshlangan tajriba bugunga kelib katta daromad beryapti. Bu nafaqat Mohirjonni, balki shu sohaga qiziquvchilarni ham istiqbolli loyihalarga undamoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер