Asad suvi: ekinga mador, xirmonga baraka
Gʻoʻza — mehrtalab ekin. Sababi, u dehqonning har bir niholga qalb qoʻri, koʻz nurini berib, qilgan fidokorona mehnati tufayli baravj rivojlanadi va qimmatbaho hosil toʻplaydi. Gʻoʻza parvarishining nozik tomoni ham shundaki, mavsum davomida bir zum boʻlsa-da, xotirjamlikka berilib boʻlmaydi.
Joriy yilda samarqandlik dehqonlar 75 ming 580 gektar yer maydonida chigitning Sulton, Buxoro-102, Omad, S-8286, Porloq-1 navlaridan 215 ming 500 tonna paxta xom ashyosi ishlab chiqarish uchun astoydil mehnat qilishmoqda.
Gʻoʻza parvarishida sugʻorish ishlari muhim ahamiyatga ega. Azaldan asad hosil taqdirini hal etuvchi muhim palla sanaladi. Buni dildan his etgan paxtakorlar quyoshli kunlarning har bir daqiqasidan unumli foydalangan xolda kunni-tunga ulab mehnat qilishmoqda. Tajribali dehqonlar taʼbiri bilan aytganda gʻoʻzani tunda sugʻorish hosilga hosil qoʻshib, uning sifati va salmogʻining oshishiga xizmat qiladi.
«Oʻzagroinspeksiya»ning Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan paxtadan moʻl hosil yetishtirishda muhim agrotexnik tadbir sanalgan sugʻorish ishlarining oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilishi, paxta dalalarini “sharbat” usulida sugʻorish, har qatrasi oltinga teng boʻlgan suv resurslaridan tejab-tergab foydalanish, suv isrofgarchiligining oldini olish yuzasidan nazorat tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Gʻoʻzani toʻrtinchi sugʻorish ishlari uchun Samarqand viloyatida 21 ming 152 nafar qishloq xoʻjaligi korxonalari xodimlari, fermerlar jalb etilgan. Ularning mehnati evaziga bir kunda oʻrtacha 11 ming 877 gektar yer maydonidagi qishloq xoʻjaligi ekinlari obi hayotdan bahramand boʻlmoqda. Jumladan, kuniga 4 ming 595 gektar paxta maydoni, 4 ming 326 gektar takroriy ekinlar va 4 ming 326 gektar tomorqa va boshqa ekinlar sugʻorilmoqda.
— Pastdargʻom viloyatning eng yirik agrar tumanlaridan biri. Joriy yilda 313 ta fermer xoʻjaligi tomonidan 16 ming 949 gektar yerga paxtaning Omad, Buxoro-102 navi ekilgan boʻlib, qabul maskanlariga qariyib 45 ming tonna sifatli sanoat xom ashyosi yetishtirish yuzasidan astoydil mehnat qilinmoqda, — , deydi Inspeksiyaning Pastdargʻom tumani boʻlimi boshligʻi Odil Shomurodov. — Paxta maydonlari asosan, «Dargʻom shoxarigʻi» va “Progress”, “Eski anhor”, «Kres» kanallari orqali sugʻoriladi. Bir kunda oʻrtacha 900 gektar paxta maydoni sugʻorilmoqda. Tuman irrigatorlariga yetarli sharoit yaratish maqsadida Pastdargʻom tumani hokimi Shunqor Xudoyberdiyev tashabbusi bilan xayrli ishga qoʻl urildi. Gap shundaki, tuman irrigatsiya boʻlimining 20 nafar suvchilariga bepul velosiped berildi.
Joriy yilda tuman dehqonlari 8 ming 195 gektar yer maydoniga chigitning Sulton, Buxoro-102 navlarini ekib parvarishlamoqda. Agrotexnik tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilishi bois, gʻoʻza rivoji avjida. Gʻoʻza qator oralariga suvni asosan tunda, “sharbat” qilib oqizishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buning uchun dalalar boshida qazilgan oʻralarning gektariga besh-olti tonnadan moʻljallab mahalliy oʻgʻit bilan toʻldirganligi qoʻl kelmoqda. Sugʻorishda ushbu usulning afzalliklari koʻp. Avvalo, bunday maydonlarda namlik uzoq vaqt saqlanib, keyingi suvga boʻlgan talab uzaysa, obihayotning issiqda bugʻlanib ketishining oldi olinishi evaziga katta miqdorda bebaho neʼmat tejaladi. Bundan tashqari, “sharbat”ga toʻygan gʻoʻza koʻsaklari boʻliq, paxta tolasi esa mayin va sifatli boʻlishi oʻz isbotini topgan. Suvchi eʼtibor qaratishi zarur boʻlgan yana bir jihat borki, u ham boʻlsa, zinhor gʻoʻzani sugʻorishda koʻllab ketishiga yoʻl qoʻymaslik kerak. Chunki koʻllab qolgan egatdagi suv issiqda ekin ildiziga salbiy taʼsir koʻrsatib, hosil nishonalarini tashlab yuborishi, gʻoʻza faqat boʻyiga oʻsib, gʻovlab ketishi mumkin. Mazkur muhim agrotexnik tadbirlar ijrosi inspeksiyaning tuman boʻlimi inspektorlarining doimiy nazoratida,-deydi inspeksiyaning Paxtachi tumani boʻlimi boshligʻi Oybek Aminov.
Demak, gʻoʻzada hosil nishonalari kun sayin koʻpayayotgan avgust oyida barcha qishloq mehnatkashlari zimmasidagi masʼuliyatni chuqur his etib, astoydil mehnat qilsa, kuzda xirmonimiz har doimgidek baland boʻlishi, shubhasiz.
Abdulaziz Yoʻldoshev,
(Xalq soʻzi)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring