“Asabiy holda qoʻpol soʻzlar ishlatgan, ammo oʻta haqoratli soʻzlar viloyat hokimiga tegishli emas”

11:44 07 Sentyabr 2022 Jamiyat
1263 0

Foto: Arxiv surat

Surxondaryo hokimining ovozi deyilgan audioyozuvga izoh berildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov hamda Qiziriq tumanining sobiq hokimi I.Yusupov, tumandagi klaster vakili X.X.larning joriy yilning 17-yanvar kuni boʻlib oʻtgan suhbatidan kesib olinib, boshqa ovozlar qoʻshilgan holda montaj qilingan audioyozuv muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

Muloqotdan qariyb 9 oy oʻtgandan soʻng internet tarmogʻiga sizdirilayotgan mazkur audioyozuvning 2:07-daqiqasidan 2:10 daqiqasigacha boʻlgan qismidagi oʻta haqoratli soʻzlar viloyat hokimiga tegishli emas. Boʻlib oʻtgan suhbatga guvoh boʻlganlar buni tasdiqlaydi. (Viloyat hokimligi Axborot xizmatida asoslar mavjud.)

Tahlillarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-avgustdagi “Surxondaryo viloyatida zamonaviy agrosanoat klasterlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori ijrosi yuzasidan Qiziriq tumanida xorijiy investitsiyalar ishtirokida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil qilingan paxta- toʻqimachilik klasteri oʻz majburiyatlarini bajarmay belgilangan loyihalarni amalga oshirmasdan kelgan.

Natijada tumanda 2020-yilda 10,5 ming nafar fuqaro qishloq xoʻjaligi sohasida band boʻlgan boʻlsa, muhokama qilingan vaqtda (2021-yil yakuni boʻyicha) 4 ming nafar fuqaro mazkur sohaga qamrab olinib, ularning 6,5 ming nafari ishsiz qoldirilgan. Buning oqibatida tumanda xorijiy davlatlarga ish izlab ketganlar soni oshgan.

Shuningdek, klaster tomonidan 2022-yil bahorgi dala ishlarida qatnashishi belgilangan 262 ta chopiq traktori va kultivatorlar hamda 102 ta chigit ekish seyalkalarini taʼmirlash ishlari amalga oshirilmay, oʻz holiga tashlab qoʻyilgan.

Viloyat hokimi yuqoridagi holatlarni tahlil qilish jarayonida asabiy holatda qoʻpol soʻzlar ham ishlatib yuborgan. (audioyozuvning 2:07-daqiqasidan 2:10 daqiqasigacha boʻlgan holat bundan mustasno).

Taʼkidlash joizki, ushbu muhokamalardan soʻng koʻtarilgan muammoli masalalar boʻyicha zarur chora-tadbirlar belgilangan.

Hudud rivoji uchun jon kuydirayotgan viloyat hokimining ovozini yozib olib, montaj qilib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish orqali uni yomonotliq qilishdan, rahbariyat koʻziga yomon koʻrsatishga urinishdan kimlardir manfaatdor boʻlishi mumkin. Tasavvur qilaylik, bir oila boshligʻi farzandini oila uchun biron muhim ishning uddasidan chiqolmay uni orqaga tortgani uchun jahl ustida koyidi. Xuddi shunday, besh yoki oʻn emas, qariyb uch million kishining manfaatini taʼminlashga masʼul rahbar ham vaqtida amalga oshirilmagan ish uchun jiddiy toliqqani sabab beixtiyor masʼullarga qattiq gapirib yuborgan boʻlishi mumkin. Bu soʻzlarni montaj qilib, tarmoqda tarqatish bilan shugʻullanish orqali rahbarning ishchanlik qobiliyatiga taʼsir etmoqchi boʻlayotganlar oʻzlarini bugungi islohotlarga xayrixoh shaxs, deya atashga haqli emaslar, bizningcha.

Shu oʻrinda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga montaj qilingani aniq sezilib qolgan bu audioyozuvni tarqatgan kimsalar harakatida gʻarazli niyatlar borligini maʼlum qilib, bundan toʻgʻri xulosa chiqarishlarini, chalgʻimasliklarini soʻrab qolamiz, deyiladi xabarda. 

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov Prezidentdan ogohlantirish olgandi. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер