“Art soft tex” klasteri uch ming oilani otaliqqa oladi
Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-aprel kuni aholi bandligini taʼminlash va daromadi keskin kamayishining oldini olish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishida bu borada joylarda amalga oshirilayotgan ishlar xususida toʻxtalib, karantin cheklovlari sababli vaqtincha ishsiz qolgan fuqarolarni moddiy qoʻllab-quvvatlash masalasi Samarqand va Namangan viloyatlarida amalga oshirilayotgan ishlar misolida muhokama qilindi. Misol uchun, Namangandagi “Art soft tex” klasteri taʼsischilari Namangan shahri, Pop, Mingbuloq va Yangiqoʻrgʻon tumanlarida uch ming nafar oilaga yordam berish tashabbusi bilan chiqdi.
Aytish lozimki, mazkur klaster majmuasi tarkibidagi korxonalar karantin kunlarida ham sanitariya-gigiyena talablariga qatʼiy rioya qilgan holda faoliyat koʻrsatib, ishlab chiqarishni butunlay toʻxtab qolishiga yoʻl qoʻymadi. Momiq sochiq va koʻplab turda tayyorlanayotgan trikotaj mahsulotlari ichki bozordan tashqari eksportga ham joʻnatilmoqda. Dehqonchilikdagi ishlar ham avjida. Bultur qishloq xoʻjaligini boshqarishning klaster usuliga oʻtib, Mingbuloq va Pop tumanlari agrar sohasi bilan ishlay boshlagan “Art soft tex” 51247 gektar yerni tasarrufiga olgan. Yangicha usul dastlabki yiliyoq afzalligini koʻrsatdi, uzoq yillardan buyon paxtachilik sohasida oqsab kelayotgan Mingbuloq tumani shartnomani viloyatda birinchi boʻlib bajardi. Popda ham ishlar ancha siljigan. Ayni chogʻda butun dunyoga yoyilgan koronavirus pandemiyasi tufayli ogʻir kelgan bu yilgi ekish mavsumining odatdagidan kechiktirmay oʻtkazilishi dehqonchilikning maromida borishini taʼminlamoqda. Xususan, 23218 gektar maydonga ekilgan chigit toʻla unib chiqdi. Ayni kunlarda dastlabki ekilgan maydonlarda nihollarga birinchi ishlov berishga kirishilgan. Dalalarda 460 ta kultivator, 8000 dan ortiq mehnatchilar harakatda.
- Karantin davrida bir qator korxonalarda ishlab chiqarishning susayishi, koʻplab fuqarolarning ishsiz qolishi natijasida qator oilalarning moddiy ahvoli pasaygani kuzatilyapti, — deydi klaster korxonasi tashabbusi haqida gap boshlagan axborot-tahlil boʻlimi rahbari Ravshan Shamsiddinov. – Bunday paytda bir chetda tomoshabin boʻlib turish yarashmaydi. Oʻsha gap-gap. Uch ming oilani uch oy davomida oziq-ovqat va boshqa zarur kundalik buyumlar bilan taʼminlab turamiz. Hozir mahalliy hokimiyatlar tomonidan bizga biriktiriladigan xonadonlar roʻyxati shakllantirilmoqda. Yaqin kunlar ichida ularga dastlabki yordam mahsulotlari kirib boradi.
Klaster korxonasi bundan tashqari joylarda vujudga kelishi mumkin boʻlgan ishsizlik darajasini yumshatish boʻyicha oʻz rejalarini belgilab olgan. Hozirdanoq viloyat markazidagi korxonalarga qoʻshimcha ishchilar qabul qilish haqida eʼlon berildi. Hisob-kitoblarga koʻra, 700 ga yaqin fuqaro ayni mehnat jamoalari safiga kirib boradi. Yangiqoʻrgʻondagi trikotaj fabrikasida esa 100 dan ziyod yangi ishchi ijtimoiy foydali mehnatga jalb etiladi.
Xalqimizga xos olijanoblik, bir-birini qoʻllab-quvvatlash fazilatlari el boshiga ish tushgan mana shunday kunlarda yana-da yorqin namoyon boʻlmoqda. Imkoniyatini ezgu ishlarga yoʻnaltirgan “Art soft tex”ning bu boradagi xayrli harakatlariga ham tasanno aytsa arziydi.
Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring