AQSHning Muhammad Ali markazi Oʻzbekistonga bagʻishlangan maxsus burchak ochishga tayyor

23:04 01 Iyul 2022 Jamiyat
1123 0

AQSH mintaqalari bilan madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash maqsadida elchi Javlon Vahobov Kentukki shtatining Luivill shahrida taniqli boks ustasi Muhammad Ali sharafiga barpo etilgan markazi katta direktori Janni Kank bilan uchrashdi.

Suhbat avvalida J.Kank Muhammad Ali markazi oʻzining alohida taʼlim dasturlariga ega ekanligi, ular tashabbuskorlik va hamkorlik orqali har qanday yoshdagi odamlar oʻzlarining buyuklik sari olgʻa intilishlariga koʻmak berishi haqida aytib oʻtdi. Ushbu taʼlim dasturlari M. Alining hayoti va davridan ilhomlanib, uning hayot tamoyillari obyektivi orqali yaratilgan, deydi markaz katta direktori.

Bundan tashqari, markazda genderga asoslangan zoʻravonlik, ayollarning qadr-qimmatini pasaytirish, taʼlim va iqtisodiy kamsitish, reproduktiv salomatlik uchun tengsizliklar va zararli anʼanaviy amaliyotlarni oldini olishga qaratilgan alohida loyihalar borligi uchrashuvda aytib oʻtildi. J.Kank fikricha, BMT tomonidan belgilangan gender tengligi insonning asosiy huquqi ekanligidan tashqari, ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish mahalliy va global miqyosda oilalarimiz va hamjamiyatimizning salomatligi, mahsuldorligi va baxti uchun juda muhimdir.

Markaz vakillariga koʻra, dunyo fuqarosi tushunchasi Muhammad Alida yaqqol namoyon boʻlib, ushbu tashkilot missiyasining bir qismi hamma joyda odamlar orasida hurmat, umid va tushunishni rivojlantirishdan iboratdir. Taʼkidlanishicha, Markazning global fuqarolik bilan bogʻliq dasturlari odamlarni mahalliy darajada harakat qilishga va global miqyosda fikrlash va oʻzini tutishga ilhomlantirishga qaratilgan.

Bundan tashqari, mazkur tashrif davomida Elchixona tomonidan tuhfa qilingan Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasi oʻrnatilgan diplomatik munosabatlarning 30 yilligi munosabati bilan yasalgan esdalik tangasi Amerika tomonidan muzey fondiga doimiy saqlanish uchun qabul etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar madaniy meros obyektlarini saqlashda Oʻzbekiston muzeylari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va kelgusida markaz qoshida maxsus Oʻzbekiston burchagi barpo etib, unda Muhammad Alining 1978-yilda mamlakatimizga qilgan tashrifiga hamda yurtimizga oid turli fotosuratlar, video-tasmalar yoki boshqa material va predmetlardan iborat kompozitsiya tashkil etishga kelishib olindi. Bugungi kunda Muhammad Alining Oʻzbekistonga tashrifiga oid arxiv materiallari Oʻzbekiston Milliy arxivi va Oʻzbekiston kinofoto hujjatlari milliy arxivi fondlarida mavjuddir.

Eslatib oʻtamiz, Muhammad Ali markaziga Kentukki shtatining Luivill shahrida bokschi oʻzi va uning rafiqasi Lonni Ali tomonidan nodavlat va notijorat muzey va madaniy markaz sifatida 2005-yilda asos solingan. Olti qavatdan iborat binoning umumiy maydoni 8,988 m kv. tashkil etadi. Muzeyda bokschining hayoti va professional faoliyati bilan bogʻliq eksponatlar, uning zamondoshlarining xotiralaridan iqtiboslar, hamda Muhammad Alining professional faoliyatida qoldirgan merosiga bagʻishlangan koʻplab moddiy va nomoddiy buyumlar saqlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер