AQSH va Eronning Islomoboddagi muzokaralari kelishuvsiz yakunlandi
11–12-aprel kunlari Islomobodda boʻlib oʻtgan AQSH va Eron oʻrtasidagi muzokaralar natijasiz yakunlandi. Amerika delegatsiyasi qariyb bir sutka davom etgan muhokamalardan soʻng Pokistonni tark etdi.
AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens Vashington Tehronga “yakuniy taklif”ni taqdim etganini, biroq Eron tomoni uni qabul qilishdan bosh tortganini maʼlum qildi.

“Menimcha, bu Amerika Qoʻshma Shtatlaridan koʻra Eron uchun ancha yomonroq yangilik”, — deb taʼkidladi u.
Tehron esa, oʻz navbatida, AQSHni “qabul qilib boʻlmaydigan talablar” tufayli muzokaralarni izdan chiqarishda aybladi. Eron Tashqi ishlar vazirligi bir qator masalalar boʻyicha oʻzaro tushunishga erishilganini, biroq “ikki-uchta muhim” band boʻyicha tomonlar kelisha olmaganini bildirdi.
Tasnim agentligining xabariga koʻra, asosiy kelishmovchilik yadro dasturi boʻlib qolmoqda. AQSH boyitilgan uranni mamlakatdan olib chiqib ketishni va qoʻshimcha kafolatlar berilishini talab qilgan. Shuningdek, Hoʻrmuz boʻgʻozidagi vaziyat boʻyicha ham ixtiloflar yuzaga kelgan.

Muzokaralar 11–12-aprel kunlari Pokiston vositachiligida oʻtdi va jami 25 soatga yaqin davom etdi. Avvalroq tomonlar ikki haftalik sulhga kelishgan edi, biroq muloqotning muvaffaqiyatsiz yakunlanishi fonida ushbu sulh xavf ostida qoldi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring