AQSH va Eron delegatsiyalari muzokaralar uchun Pokistonga yetib keldi
Yaqin Sharqdagi nizoni hal qilish boʻyicha muzokaralarda ishtirok etish uchun AQSH va Eron delegatsiyalari Islomobodga (Pokiston) yetib keldi, deb yozmoqda RBK.
Amerika delegatsiyasiga AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens rahbarlik qilmoqda. Delegatsiya tarkibidan prezident Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va uning kuyovi Jared Kushner oʻrin olgan. Delegatsiya Islomoboddagi aviabazaga AQSH Harbiy-havo kuchlarining ikkita samolyotida kelib qoʻndi.
Parlament spikeri Muhammad-Baqir Qolibof va Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi boshchiligidagi Eron delegatsiyasi esa biroz avvalroq yetib kelgan edi.
“Al Hadath” telekanalining maʼlumotlariga koʻra, Eron va AQSH oʻrtasidagi muzokaralar Toshkent vaqti bilan soat 17:00 dan keyin boshlanadi. Taʼkidlanishicha, bilvosita maslahatlashuvlar allaqachon boʻlib oʻtgan va navbatdagi muzokaralar toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrinishda boʻladi.
Avvalroq Eronning JARdagi elchixonasi Amerika tomoni Tehronning muzokaralar uchun qoʻygan dastlabki shartlarini qabul qilganini maʼlum qilgan edi. Eronning talablari orasida Livanda oʻt ochishni toʻxtatish, shuningdek, Eronning muzlatib qoʻyilgan aktivlarini qayta ochish (muzlatishdan chiqarish) bor edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring