AQSH Oʻzbekistonga koronavirusni erta aniqlaydigan uskunalar taqdim qildi
AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktikasi markazlari (CDC) Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligiga qiymati 902 ming dollarga teng tibbiyot vositalari va laboratoriya jihozlarini begʻaraz asosda taqdim qildi, deb xabar berdi “Dunyo” AA AQSH elchixonasi manbasiga asoslanib.
Taqdim etilgan vositalar zamonaviy polimeraz zanjir reaksiyasi uskunalaridan foydalangan holda 25 mingta COVID-19 ni aniqlash uchun testlar oʻtkazishga imkon beradi. Ushbu texnologiya odam organizmida virusli DNK mavjudligini kasallik belgilari paydo boʻlishidan avval aniqlaydi, bu esa sogʻliqni saqlash muassasalariga bemorni juda erta “izolyatsiya” qilish hamda pandemiyani tugatish uchun muhim boʻlgan yuqish zanjirini uzishga imkon beradi.
— COVID-19 pandemiyasi biz uchun umumiy dushman va umumiy javobgarlikdir. Ushbu yordam AQSH hukumatining Oʻzbekiston jamoatchiligi sogʻligʻini saqlash yoʻlidagi tahdidlarga qarshi kurashda koʻmak berishga sodiqligi belgisidir, — dedi AQSH muvaqqat ishlar vakili Alan Melser. — Ushbu sheriklik epidemiya boshlanishidan ancha oldin boshlangan va u tugaganidan keyin ham davom etadi. Mazkur yordam Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligini koronavirusga qarshi kurashda qoʻllab-quvvatlash uchun CDC eʼlon qilgan 2,07 million dollarning bir qismi hisoblanadi. Kasallik avj olar ekan, CDC Oʻzbekistonga shoshilinch tibbiy yordam markazlari tashkil etish, chegaradan oʻtish joylarida tibbiy koʻrikni yaxshilash, klinik va laboratoriya nazorati, maʼlumotlar ustida ishlash va muloqotlar zanjiri kuzatuvi boʻyicha onlayn maslahatlar ham berib bordi.
AQSH hukumati Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali koronavirusga qarshi kurash uchun tibbiy, laboratoriya va texnik koʻmak sifatida yana qoʻshimcha 4,2 million dollarga yaqin mablagʻ taqdim etdi. Bugungi kungacha AQSHning bu borada Oʻzbekistonga koʻrsatgan umumiy yordami 6 million dollardan oshdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring