AQSH Milliy gvardiyasi byurosi rahbari bilan o'zaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi
Yaqinda Oʻzbekiston elchisi Javlon Vahobov va AQSH Milliy gvardiyasi byurosi rahbari general Deniyel Xokenson ikki mamlakat milliy gvardiyalari oʻrtasidagi hamkorlik istiqbollariga bagʻishlangan onlayn-muzokara oʻtkazdi.
Tadbirda Missisipi milliy gvardiyasi qoʻmondoni general Jenson Boylz ham ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi 2017-yil avgust oyida Prezident farmoniga muvofiq tuzilgani va mamlakat Qurolli Kuchlari tarkibiga kirishi haqida maʼlum qilindi. Ushbu idora ommaviy tadbirlar paytida jamoat xavfsizligini taʼminlash, davlat, oʻta muhim va boshqa obyektlar, shu jumladan, chet davlatlarning diplomatik missiyalari va konsullik idoralari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalarini himoya qilish vazifalarini bajarishi bildirildi. Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilari mamlakatning hududiy yaxlitligi va mudofaasini taʼminlash, terrorizm va ekstremizm xavfining oldini olishda ishtirok etishi, shuningdek, tabiiy va texnogen favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini bartaraf etishda ham koʻmaklashishi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi xorijiy davlatlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni yana-da mustahkamlash, ularning zamonaviy tahdidlarga qarshi turish tajribasini oʻrganish maqsadida muntazam ravishda xorijiy sheriklar bilan uchrashuvlar, treninglar va mashgʻulotlar oʻtkazayotgani alohida qayd etildi. Xususan, joriy yil fevral oyida Janubiy Koreya, Italiya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Turkiya harbiylari bilan muzokaralar tashkil etildi, shuningdek, AQSH harbiy xizmatchilari bilan qoʻshma mashgʻulotlar oʻtkazildi.
General Deniyel Xokenson, oʻz navbatida, AQSH Milliy gvardiyasi 1636-yilda tuzilgan harbiylashtirilgan tuzilma ekanini maʼlum qildi. Har yili 60 mingga yaqin kishi ushbu tuzilmaga xizmatga kiradi. Ular qoʻshinlarda tayyorgarlik kurslari, treninglar va mashgʻulotlardan oʻtadi. Mamlakatda safarbarlik yoki favqulodda holat eʼlon qilinganda, Milliy gvardiya boʻlinmalari AQSHning doimiy qoʻshinlari tarkibiga kiritiladi. Hozirda Amerika Qoʻshma Shtatlarining barcha mintaqalari gubernatorlari COVID-19ga qarshi kurashish jarayoniga 42 mingga yaqin Milliy gvardiya xizmatchilarini jalb qilgan. Ular mahalliy hokimiyat idoralariga nafaqat dori-darmon va oziq-ovqat yetkazib berish, balki aholini koronavirusga test sinovlaridan oʻtkazish va emlashda ham yordam bermoqda.
Deniyel Xokenson Missisipi Milliy gvardiyasi va Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi oʻrtasidagi sheriklik aloqalarining izchil kengayib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
2012-yilda Pentagon tomonidan Missisipi shtati Milliy gvardiyasi Oʻzbekiston Mudofaa vazirligining sherigi etib belgilanganidan soʻng Oʻzbekiston — Missisipi koʻp qirrali aloqalari izchil rivoj topmoqda.
Missisipi Milliy gvardiyasi qoʻmondoni general Jenson Boylz Oʻzbekiston Prezidenti 2018-yil sentyabr oyida Missisipidan saylangan kongressmen Trent Kelli va uni qabul qilganini mamnuniyat bilan esga oldi. J.Boylzning soʻzlariga koʻra, aynan mazkur uchrashuv Oʻzbekiston va Missisipi shtati oʻrtasida nafaqat harbiy, balki boshqa sohalardagi hamkorlik rishtalarini ham faollashtirish uchun asos yaratdi. Oʻshandan beri oʻtgan vaqt mobaynida Oʻzbekiston hukumati vakillari Missisipida boʻldi, shtat gubernatori Filipp Brayant AQSH mintaqalari rahbarlari orasida Oʻzbekistonga birinchi boʻlib tashrif buyurdi, Zarafshon va Klinton shaharlari oʻrtasida birodarlik aloqalari oʻrnatildi, Toshkent davlat agrar universiteti va Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda Missisipi davlat universiteti va Alkorn davlat universiteti oʻrtasida akademik hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.
Elchixona maʼlumotiga koʻra, AQSH Milliy gvardiyasi byurosi rahbari general Deniyel Xokenson bilan oʻtkazilgan muzokaralar yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi delegatsiyasining AQSHga tashrifini tashkil etish, shuningdek, Missisipida har yili oʻtkaziladigan “Janubiy zarba” mashgʻulotlarida Oʻzbekiston vakillarining ishtiroki toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring