Amerika Qoʻshma Shtatlari Turkiya hukumati bilan yaqin hamkorlikda “Iroq va Shom islomiy davlati” (ISHID) ekstremistik guruhiga aloqador uch nafar oʻzbekistonlikka nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qoʻshma Shtatlar ISHID bilan aloqador boʻlgan toʻrt kishiga, jumladan, guruhga aloqador odam kontrabandasi tarmogʻi aʼzolarini “qora roʻyxat”ga kiritgan.
Sanksiya roʻyxatida quyidagi shaxslar bor:
- Muhammadyusuf Alisher oʻgʻli Mirzoyev (2023-yil oʻrtalarida ISHIDga aloqador “harbiy” oʻquv lagerini tashkil etishda ishtirok etgan);
- Muhammad Ibrohimjon Niyozov (u Oʻzbekiston fuqarosi boʻlib, ISHIDga aloqador kontrabanda tarmogʻi tarafdoridir. Niyozov Turkiyadagi ISHID aʼzolariga administrativ va logistika yordam koʻrsatgan);
- Olimxon Mahmudjon oʻgʻli Ismoilov (ISHIDga aloqador kontrabanda tarmogʻining aʼzosi).
Adam Xamirzayev ismli shaxs esa yangilangan roʻyxatda toʻrtinchi oʻrinni egallagan. AQSH Moliya vazirligining xabar berishicha, 1985-yilda tugʻilgan bu shaxs Rossiyada tugʻilgan va “Andrey Guzun”, “Adam Oliferchik” yoki “Adam Abu Darrar Al-Shishani” ismlari bilan ham tanilgan.
Qoʻshimcha qilinishicha, Xamirzayev ISHIDning Gruziyadagi amiri boʻlib chiqdi, u ISHID kontrabanda tarmogʻiga uning faoliyati boʻyicha koʻrsatmalar bergan. U roʻyxatga guruh tarkibidagi yetakchi sifatida qoʻshilgan, bu ham uning mulki va aktivlarining bloklanishi va muzlatilishiga olib keladi.
Yuqoridagi shaxslarning Qoʻshma Shtatlardagi mulki yoki amerikaliklar nazoratidagi mol-mulklari bloklanadi. AQSH rezidentlariga odatda sanksiyalangan shaxslar bilan biznes qilish taqiqlanadi. Ushbu shaxslar bilan muayyan operatsiyalarni amalga oshiradigan har qanday AQSH yoki chet ellik shaxslar sanksiyalar xavfi ostida boʻlishi mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring