Apellyatsiya jarayonlari boshlandi
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"
Joriy yilning 21-avgust kunidan 2019/2020-oʻquv yilida oliy taʼlim muassasalarining kunduzgi, sirtqi va kechki taʼlim shakllariga oʻqishga kirish test sinovlarida ishtirok etgan va natijasidan norozi boʻlgan abituriyentlarning apellyatsiya arizalarini qabul qilish yoʻlga qoʻyilgan edi. 26-avgustdan esa ushbu apellyatsiya arizalarini koʻrib chiqish boshlandi.
Davlat test markazi xabariga koʻra, apellyatsiya jarayoni Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-apreldagi 261-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibga muvofiq oʻtkazilmoqda.
Bunda har smenada 110 nafardan abituriyentning eʼtirozini koʻrib chiqish rejalashtirilgan. Zarur va tegishli hamma darsliklar tayyorlab qoʻyilgan.
Apellyatsiya arizalarini koʻrib chiqishda tadbirning barcha jarayonlari va bosqichlari muntazam videokuzatuvga olinishi taʼminlangan holda ikki smenada tashkil etilmoqda.
Shaffoflik va xolislikni taʼminlash maqsadida abituriyentlarning binoga kirishi, test materiallari bilan tayyorgarlik koʻrishi, fan ekspertlari bilan ishlashiga qadar barcha holatlarni ota-onalar uchun katta ekranlarda namoyish etib borish ham yoʻlga qoʻyilgan.
Bulardan tashqari, Davlat test markazining fuqarolarni qabul qilish xonasida fuqarolar murojaatlarini koʻrib chiqish davom etmoqda va buning uchun malakali mutaxassislar jalb etilgan, deyiladi DTM maʼlumotida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring