Antibiotiklardan foydalanish tartibga solinadi — JSST
Qozogʻistonning Ostona shahrida boʻlib oʻtgan Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy qoʻmitasining 73-sessiyasida mikroblarga qarshi kurashishga doir “Yoʻl xaritasi” qabul qilindi.
Hujjat mintaqada antibiotiklardan noratsional foydalanish masalalarini hal qilishga qaratilgan.
JSST ekspertlari hisob-kitoblariga koʻra, dori-darmonlarni notoʻgʻri qoʻllash oqibatida birgina Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida bir milliondan ortiq kishi hayotdan koʻz yumgan. Ularning katta qismi zarur ehtiyojlarsiz antibiotiklarni qabul qilish asoratlari tufayli vafot etgani aytiladi.
Yangi qabul qilingan “Yoʻl xaritasi” kelgusi 8 yilga moʻljallangan. Undan mikroblarga qarshi kurash bilan bogʻliq muammoni ilmiy asoslangan samarali yoʻllar bilan hal etishga doir qator chora-tadbirlar oʻrin olgan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq JSST agar antibiotiklardan foydalanish tartibga solinmasa, 2050-yilga borib yiliga 10 millionga yaqin odam vafot etishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring