Andijondagi Perinatal markazi hududida 12 tup “eldor qaragʻayi” daraxtlari noqonuniy ravishda kesilib ketildi

04:26 16 Yanvar 2022 Jamiyat
1280 0

Foto: Andijon viloyati ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi

Mazkur holat boʻyicha Andijon viloyati ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Ichki ishlar boshqarmasi hamda mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda oʻrganish ishlari davom ettirilmoqda.

Dastlabki surishtiruv natijalariga koʻra, Andijon shahar Perinatal markazi hududida 12 tup “eldor qaragʻayi” daraxtlari moratoriy talablariga zid ravishda noqonuniy kesilganligi qayd etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 18.02.2020-yildagi 93-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining roʻyxati”ga Eldor qaragʻayi (Pinus eldarica) juda chiroyli manzarali daraxt sifatida kiritilgan.

Mazkur holatda Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunining 37-moddasi 2-bandi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 30.12.2021-yildagi “Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-46-sonli Farmonining 2-bandi talablari buzilganligi aniqlandi.

Oʻrganishlar davomida kesilgan daraxtlarning diametr oʻlchamlari 12 sm dan 40 sm gacha ekanligi, daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish natijasida oʻsimlik dunyosiga koʻp miqdorda zarar yetkazilganligi qayd etildi.

Mazkur huquqbuzarlik holati boʻyicha hujjatlar qonunchilikda belgilangan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etiladi.

Fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi rahbariyati barcha jamoatchilik vakillariga, jumladan, jurnalist va blogerlarga daraxtlarni muhofaza qilish masalasidagi tezkor yordami uchun minnatdorlik bildiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер