Andijondagi 16 qavatli turar joylar: ular har qanday yer silkinishiga dosh bera oladimi?

09:45 14 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
2569 0

Andijon shahrida 16 qavatli ikkita turar joy binosi qad rostlaganida, buni oʻzbek quruvchilari barpo etayotganiga hech kim ishonmagan edi. Bunday baland inshootlarni turkiyalik quruvchilar qura oladi, deyishdi qatʼiy ishonch bilan. Vaholonki, bunyodkorlar mahalliy «Xakan invest» MCHJ ishchilari edi.

Darhaqiqat, bugun respublikamizning qay bir hududida boʻlmang qurilish obyektiga aylangan shaharlarni koʻrasiz. Jumladan, Andijon viloyatining hech bir koʻchasi qolmadiki, yangi turar joy binosi uchun qurilish maydoniga aylanmagan boʻlsa. Viloyatda yer silkinish holatlari koʻp takrorlangani bois bir paytlar 3 qavatdan baland boʻlmagan binolar qurilishigagina ruxsat berilgan boʻlsa, ayni paytga kelib osmonoʻpar imoratlar qad rostlamoqda.

— Buning uchun Xitoy, Turkiya, Suriya kabi davlatlar tajribasiga asoslanildi, — deydi viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov. — Xorijlik mutaxassislar Andijon viloyatidagi koʻp qavatli turar joy binolari qurish mumkin boʻlgan har bir hududning yer xususiyatini oʻrganib chiqdilar. Mavjud imkoniyatlardan xulosa qilgan holda oʻz maslahatlarini ayamadilar. Shunga koʻra, bino qancha baland boʻlsa, uning poydevori shunga monand chuqurlikda boʻlishiga ahamiyat qaratmoqdamiz. Quruvchilarimiz barpo etayotgan yangi uslubdagi, yangi koʻrinishdagi va yangi imkoniyatlarga ega boʻlgan koʻp qavatli uylar yer silkinishi va boshqa tabiiy ofatlarga bardoshliligi bilan ham ahamiyatlidir.

Shu paytgacha Andijon shahri markazida 2 ta 16 qavatli turar joy binolari qurib, foydalanishga topshirilgan boʻlsa, ayni chogʻda viloyat markazining “Shimoliy Paxtakor” koʻchasida ham ana shu balandlikka ega boʻlgan 12 ta koʻp qavatli uylar qurilishi davom etmoqda. Bunyodkorlar shu bilangina kifoyalanib qolmay, aynan mana shu hududda 2021 — 2022-yillarda yana 8 ta 16 qavatli uylar qurishni rejalashtirganlar. Bunday masʼuliyatli vazifani “OʼZSHAHARQURILISH INVEST” MCHJ oʻz zimmasiga olgan.

Andijon viloyati respublikamizning yer maydoni kichik, biroq aholi soni eng koʻp boʻlgan manzillardan biri hisoblanadi. Shu bois bu yerda zamondoshlarimizni uy-joy bilan taʼminlash borasida bir qancha muammolar mavjud. Eng tashvishlanarlisi, bino qurish uchun maydonning oʻzi muammo. Biroq, viloyatda hali oʻzlashtirilmagan va foydalanish imkoniyati cheklangan yuzlab gektardan iborat qir-adirliklar mavjud. Kelgusida ushbu maydonlarda koʻp qavatli binolardan iborat turar joy maskanlari barpo etish ishlari boshlab yuborilgan. Bu endi alohida mavzu!

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер