Andijonda “Janubiy Fargʻona” kanali yorilib, koʻchalarni suv bosdi
Videodan kadr
Ijtimoiy tarmoqlarda “Janubiy Fargʻona” kanali yorilishi oqibatida ekin maydonlari va koʻchalarni suv bosgani aytilgan videolar tarqaldi. Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hodisa yuzasidan maʼlumot berdi.
Bildirilishicha, bugun, 8-may kuni viloyatning Buloqboshi tumani Sarvontepa MFY hududidan oqib oʻtuvchi Janubiy Fargʻona kanali qirgʻoqlarining biriga shikast yetishi oqibatida maʼlum miqdorda suv sizib chiqqan.
“Ushbu maʼlumot olinishi bilan viloyat Norin–Qoradaryo irrigatsiya tizimlari boshqarmasi tomonidan suv butkul toʻxtatilgan”, deyiladi boshqarma xabarida.
Qoʻshimcha qilinishicha, hozirda Andijon viloyati FVB rahbariyati va kerakli boʻlgan barcha kuch va vositalar sodir boʻlgan hodisani bartaraf etish uchun jalb etilgan va vaziyat toʻliq nazoratga olingan.
“Holat yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot taqdim etiladi”, deb yozadi FVB axborot xizmati.
Gidrometeorologiya xizmati agentligining xabar berishicha, talofatlar oʻrganilganda, jami 560 ta xonadonni suv bosgani aniqlangan.
Shuningdek, agentlik damba oʻpirilishi bilan bogʻliq texnogen hodisaning kelib chiqish sabablari sifatida ushbu kanalda qoʻshimcha GES qurish maqsadida ortiqcha suv tashlanganini keltirgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring