Andijonda Yangi kun “Xon togʻ” kengliklaridan boshlandi

09:57 21 Mart 2021 Jamiyat
1433 0

Andijon viloyatida Navroʻz tantanalari respublikamizning eng chekka hududi boʻlmish, dengiz sathidan 750-800 metr balandlikda, Qoradaryoning oʻng sohilida joylashgan Xonobod shahridagi tabiati soʻlim, xushmanzara “Xon togʻ” adirliklarida boʻlib oʻtdi. Bu kun tong karnay-surnay sadolari bilan boshlandi. Bobodehqon va Navroʻzoylar milliy libosdagi jarchilar ishtirokida shahar boʻylab aylanar ekanlar, viloyat ahli va mehmonlarini bayram bilan qutlab, xalq sayliga chorladilar. “Xon togʻ” kengliklaridagi ochiq tabiat maydonida har bir shahar, tuman aholisi va korxona, tashkilot xodimlari, oʻquv yurti talabalari oʻzlari uchun ajratilgan maxsus joylarda doshqozonlarda sumalak qaynatib, koʻklam taomlarini tayyorlashdi. Kuylar laparga, laparlar esa raqslarga ulandi.

— Prezidentimiz Andijon viloyatiga tashrifi chogʻida Xonobod shahrini sayyohlik markaziga aylantirish, buning uchun eng avvalo, hududlarni kompleks rivojlantirish yuzasidan koʻrsatmalar berib, «Xonobod yaqin yillarda ham respublikamizning eng goʻzal maskanlaridan biri edi. Endi u oʻzining avvalgi shuhratini qaytarishi lozim», — degan edi, — deydi Xonobod shahar hokimi Mashʼalbek Tojiboyev. — Shundan soʻng shaharda bunyodkorlik ishlari boshlandi. Umumiy loyiha qiymati 120 milliard soʻm boʻlgan “Xonobod” sihatgohi ishga tushdi. Shaharning eng yuqori nuqtasi — “Xon togʻ”da yangi charxpalak oʻrnatildi, bir kilometrlik osma yoʻl (kanatnaya doroga) taʼmirlanib, yangicha qiyofa kasb etdi. Shuningdek, 3 ming nafar sayyohga moʻljallangan 1 mingdan ortiq dam olish uylari, qator mehmonxonalar, savdo, xizmat koʻrsatish va umumiy ovqatlanish inshootlari barpo etildi. Yiliga 500 ming kishi hordiq chiqarishi uchun turli koʻngilochar va dam olish maskanlarini barpo etish boʻyicha ishlar ketmoqda. Bundan tashqari, Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi kapital taʼmirlandi, yangi-yangi attraksionlar oʻrnatildi, turli koʻngilochar va dam olish obyektlari qurildi. Bir soʻz bilan aytganda, shahrimiz nafaqat, Navroʻz bayramiga, balki sayyohlar va yurtimiz aholisi dam oladigan goʻzal maskanga aylandi.

Navroʻz sayli tadbirida viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etib, har bir jamoaning bayram koʻrgazmalari bilan tanishib chiqdi, ularni Navbahor fasli shodiyonasi bilan qutladi.

Bu kabi bayram tadbirlari viloyatning har bir mahallasida karantin qoidalariga amal qilgan holda davom etmoqda.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер