Andijonda sud ishlari soni keskin ortishi sababi nima?
Foto: Xalq so‘zi
Andijon viloyat sudida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida shu kabi savollarga javob berildi.
Respublikamizda jinoyat va huquqbuzarlik holatlarini tahlil qilganimizda shunga amin boʻlmoqdamizki, aholi orasida huquqiy bilimni shakllantirish borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar bir talay. Andijon viloyat sudida boʻlib oʻtgan navbatdagi matbuot anjumanida ochiqlangan maʼlumotlar ham buni tasdiqlamoqda. Tadbir davomida viloyat sudi raisi Talʼatbek Meliboyev 2022-yilda qilingan ishlar haqida maʼlumot berar ekan, koʻrsatkichlar 2021-yilga nisbatan ortganini taʼkidladi. Misol uchun, jinoyat ishlari boʻyicha shahar va tumanlar sudlari tomonidan 5 ming 716 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishlari koʻrib chiqilgan. Bu holat 2021-yilda 4 ming 825 nafar ekanligini hisobga olsak, ayrim yoʻnalishlarda sudgacha amalga oshirilishi zarur boʻlgan vazifalar oʻz yechimini kutayotgani oydinlashadi.
— Eng koʻp jinoyat turi kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish bilan bogʻliq harakatlardan tarkib topdi, — deydi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati raisi Farhodbek Gʻaniyev. — Bu koʻrsatkich oldingi yilga nisbatan 95,2 foizga ortgan.
Savol tugʻiladi, jinoyatning bu turi keskin ortib ketishiga sabab nima? Axir amaldagi tartiblarga binoan bu kabi moddalarning respublikamizga kirib kelishi noqonuniy harakat hisoblangani holda, masʼul idoralar tomonidan muayyan rejalar ishlab chiqilmaganmidi?
Andijon viloyat fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati raisi Jasuriddin Abdusattorov hududlarda boʻlib oʻtgan Sayyor sudlar koʻzlangan samarani bermayotganidan kuyundi. Xabaringiz bor, sud ishining bu tartibda oʻtkazilishidan asosiy maqsad qonunbuzarlik yuzasidan hukm chiqarish bilan bir qatorda fuqarolar orasida qonunchilikni targʻib qilishdan iborat. Aslini olganda, bu borada targʻibot ishlari bilan shugʻullanishni sud vakolatiga qoʻyib berish yetarli samara bermasligi tayin. Vaholanki, huquqiy bilimni shakllantirish sudgacha boʻlgan jarayonda amalga oshirilsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi.
— 2022-yil davomida 70 ming 32 ta ish koʻrib chiqildi,-deydi Jasuriddin Abdusattorov. — Kredit qarzdorligini undirish bilan bogʻliq nizolar soni 2021-yilga nisbatan 6 ming 19 taga ortib, eng yuqori koʻrsatkichni tashkil etdi. Jami 16 ming 872 ta daʼvolar kelib tushganligining oʻziyoq bunga misoldir.
Iqtisodiy yoʻnalishlardagi koʻrsatkichlar ham taassufli. Boisi, yil davomida bu boʻyicha 20 ming 574 ta ish koʻrib chiqildi va mazkur raqam 2021-yilga nisbatan 12 ming 687 taga koʻpdir. Bu borada daʼvogarlarning huquqiy bilimini shakllantirish zarur, degan fikrdan yiroqmiz. Muammoning ildizini viloyatdagi iqtisodiy muhitdan, taraflar manfaatlariga xizmat qiluvchi oʻzaro shartnoma va kelishuvlar ijrosidan izlash oʻrinli, nazarimizda.
Xulosa qilish mumkinki, 2022-yil Andijon viloyat sudi jamoasi uchun nihoyatda tigʻiz boʻlgan. Bizning eʼtiborimizni esa yana bir jihat tortdi. Misol uchun, birgina fuqarolik ishlari yoʻnalishida tumanlararo sudlar sudyalarining bir oylik ish yuklamasi tahlil qilinganida, ularning har biriga 205,8 ta fuqarolik ishi va 118,3 ta sud buyruqlari toʻgʻri keldi. Biz oʻylagandan va tashvishlangandan ham koʻproq boʻlgan bu koʻrsatkichlar ishning sifatiga salbiy taʼsir qilmaydimi? Bir nafar sudya uchun yuzlab ishni koʻrib chiqish qanchalik toʻgʻri? Balki bu borada xorijiy tajribalarni oʻzlashtirish payti kelmadimikin?
Afsuski, savollar koʻp, ularga javoban amaliy oʻzgarishlar esa yillar davomida shakllanuvchi jarayondir. Muhimi, sohaga yoʻnaltiriladigan har qanday amaliyot ortida inson taqdiri turishini unutmaslikdir.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring