Andijonda qisqa vaqtda 1650 ta yangi ish oʻrni yaratildi
Andijon viloyatida aholi bandligini taʼminlash, ayniqsa, xotin-qizlarni foydali ijtimoiy mehnatga jalb qilish, shu orqali ularni ijtimoiy muhofaza qilishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Buning uchun ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasida yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda. Jumladan, Baliqchi tumanida kalava ip ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Scorton textile” korxonasida 450 nafar ishsiz fuqarolar muayyan ish oʻrni bilan taʼminlandilar. 20 mln. AQSH dollari evaziga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya hisobiga barpo etilgan korxonada toʻqimachilik sanoati uchun muhim boʻlgan xom ashyo ishlab chiqarilmoqda.
Oltinkoʻl tumanida amalga oshirilgan navbatdagi investitsiya loyihasi 5 mlrd soʻmni tashkil etdi. “Yaxshi niyat tekstil” MCHJ tomonidan trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasi foydalanishga topshirilishi natijasida 200 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.
20 ga yaqin yirik tekstil korxonalarini oʻzida mujassam etgan Xoʻjaobod tumanidagi “Mustahkam Fayzli Textil” korxonasi ishga tushirildi. Korxonaning loyiha qiymati 3 mln. dollarni tashkil etadi. Ushbu korxonada 1000 ta ishchi oʻrni yaratilgan boʻlib, ular tomonidan yiliga 3.5 mln dona trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqariladi. Korxonaning MDH davlatlari bilan eksport shartnomalari mavjud va ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotning qariyb 95 foizi eksport qilinadi.
Andijon tumanida oʻz faoliyatini boshlagan “MED CITY” koʻp tarmoqli davolash profilaktika markazida 200 dan ziyod davolanuvchilar kardiolog, nevrolog, ginekolog, urolog, plastik jarroh, kosmetolog, radiolog va boshqa bir qator malakali mutaxassislar xizmatidan foydalanishlari mumkin. Buning uchun 100 nafar tibbiyot xodimlaridan iborat jamoa ularning xizmatida.
Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yilligi arafasida viloyatda 1650 ta yangi ish oʻrni barpo etildi.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring