Andijonda gaz bosimi pasayib ketdi
Fargʻona vodiysining ayrim hududlarida istiqomat qiluvchi aholi Yangi yilni orziqish bilan kutdi. 2021-yildan boshlab elektr va gaz taʼminotida uzilishlar boʻlmasligiga ishonishdi. Kutilmaganda, gaz bosimining pasayishi hammani sarosimaga solib qoʻydi. “Xalq soʻzi” muxbiri vaziyatni oʻrgandi.
“Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali Matbuot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, “Oʻztransgaz” AJning 2021-yil 4-yanvardagi №1 Faksogrammasiga asosan, “Muborakneftegaz” neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining beshta konida elektr energiyasi bilan bogʻliq holat yuzaga kelishi natijasida, Muborak gazni qayta ishlash zavodidan gaz taʼminoti deyarli toʻliq toʻxtatiladi. Shu sababli, gaz quvurlarining janubiy tizimi orqali gaz tashishning keskin pasayishi, jumladan, Fargʻona vodiysiga keltiruvchi gaz tarmoqlari hamda magistral quvurlarida bosim pasayishi kuzatilmoqda. Shunga koʻra, Andijon viloyati hududida vaqtinchalik gaz taʼminotida uzilishlar yuzaga kelmoqda. “Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali tasarrufidagi barcha shahar va tuman gaz taʼminoti boʻlimlariga magistral gaz quvurlari orqali yetkazib berilayotgan tabiiy gazni birinchi navbatda aholi, koʻp qavatli uylar va ijtimoiy soha muassasalariga yoʻnaltirilishi, tabiiy gazga bogʻliq koʻngilsiz hodisalarning oldini olish boʻyicha ishlar tashkil etildi va kuchaytirilgan ishchi guruhlarning shayligi taʼminlandi”.
Maʼlumki, 2020-yilning oktyabr, noyabr oylari har yilgi mavsumga nisbatan havo haroratining keskin pasayib ketishi bilan boshlandi. Natijada, Andijon viloyatida avtomobillarga metan gaz quyish vaqti sutka davomida emas, soat 6:00 dan 16:00 gacha etib belgilandi. Bunda eng avvalo, aholining tabiiy gazga boʻlgan ehtiyojini qondirish koʻzda tutildi. Bugundan boshlab ushbu tartibga yana oʻzgartirish kiritildi. Endilikda avtomobillar metan gaz quyish xizmatidan soat 5:00 dan 15:00 ga qadar foydalanishlari mumkin boʻladi.
-Umuman olganda, gaz taʼminotidan nolib boʻlmaydi, - deydi Andijon tumanida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Abdulvosit Ahmedov. –Oldingi mavsumlarga solishtirganda bu yil eletkr va gaz taʼminotida muammolar nisbatan kam. Toʻgʻri, uzilishlar boʻlib turibdi. Biroq, bu haqida oldindan xabar berilganligi bois ehtiyoj choramizni koʻryapmiz. Tan olish kerak, gaz taʼminotidagi uzilishlarga aholining oʻzi ham sababchi boʻlmoqda. Aksariyat koʻchalarda gaz soʻrgʻichlarning mavjudligi sir emas. Mutasaddi idoralar vakillari nazoratni kuchaytirib, bu holatga qarshi kurashmoqda. lekin vaziyat oʻzgarayotgani yoʻq. Avvalo, insofni oʻzimizga bersin. Mavjud imkoniyatdan toʻgʻri foydalana olsak, bir-birimizga hurmat bilan munosabatda boʻlsak mavsumni betalafot oʻtkazgan boʻlardik.
Isteʼmolchining ushbu fikrlari moʻjizaga ishonib, ehtiyot chorasiz qolmaslikka undab qoladi. Mutasaddi idoralar mavjud sharoitni aholi ehtiyojiga yoʻnaltirishga urinayotgan bir kezda fuqarolar ham mavjud imkoniyatga toʻgʻri yondoshishlari talab etiladi. Zero, qars ikki qoʻldan chiqmas ekan, sadodan umid yoʻq.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring