Andijonda fabrika oqova suvlarini kanalga oqizib, suvni ifloslantirdi
Kecha, 26-iyul kuni Andijon viloyati Buloqboshi tumani hududidan oqib oʻtuvchi Katta Janubiy Fargʻona kanalida suv yuzasida koʻpiklar paydo boʻldi. Mazkur holat yuzasidan “Oʻzgidromet” maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, kanal koʻpiklanib ketgani haqidagi lavha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, Ekologiya qoʻmitasi xodimlari tomonidan tekshiruv ishlari olib borilgan.
Tekshiruvlar natijasida Fargʻona kanali yonida joylashgan trikotaj-tikuv fabrikasi (nomi keltirilmagan) qayta ishlangan matolar uchun ishlatilgan suvni kanalga tashlangani maʼlum boʻlgan.
Kanal suvining fizik va kimyoviy tarkibida nitrit va nitrat tuzlari, ishqor va boʻyoqlar borligi aniqlangan. Taʼkidlanishicha, Ekologiya qoʻmitasi masʼul xodimlari tomonidan muammo bartaraf etilgan.
Buloqboshi tumani hokimligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, holat viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring