Andijonda 33 ta davlat aktivlari xususiylashtiriladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan Andijon viloyati boʻyicha 33 ta davlat aktivlari xususiylashtirilishi belgilandi. Bu haqida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan Matbuot anjumanida maʼlum qilindi.
Ular orasida “Andijon yoʻl qurilish taʼmirlash” DUK, “Andijon yogʻ-moy”, “Asaka yogʻ”, “Andijon biokimyo zavodi” AJlari, “Andijon sharob savdo”, “Qoʻrgʻontepa sharob savdo” MCHJlari kabi yirik korxonalar ham mavjud. Shuningdek, 17 ta gazeta va jurnallarning davlat ulushlari ham xususiylashtiriladigan boʻldi.
— Viloyatda sotilishi belgilangan 48 ta davlat aktivlari mavjud boʻlib, hozirda mazkur obyektlarning 23 tasi ommaviy savdolarga chiqarilgan, -deydi boshqarmaning informatika va axborot texnologiyalari masalalari boʻyicha yetakchi mutaxassisi Jamshidbek Isroilov. — Bulardan 2 tasi tadbirkorlik subyektlariga sotilgan. Qolgan 23 ta obyektlar boʻyicha savdoga chiqarish uchun xatlov ishlari amalga oshirilmoqda.
Tadbir yakunida boshqarmaga press tur tashkil etildi. Unda xodimlarga yaratilgan sharoitlar bilan bir qatorda davlat aktivlari faoliyati yuzasidan olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishildi.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring