Andijon viloyatidagi “Mingtepa” hamda “Xonobod” chegara oʻtkazish punktlari oʻz faoliyatini qayta boshladi

15:34 09 Dekabr 2023 Jamiyat
844 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Oʻzbek-qirgʻiz azal-azaldan qon-qardosh hisoblanadi. Bizning nafaqat, tilimiz, dinimiz, balki madaniyatimiz, tariximiz, turmush tarzimiz, oʻy-maqsadimiz bir. Shu bois ham har ikkala xalq oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar kun sayin tobora mustahkamlanib bormoqda. Bunda tabiiyki, hukumatlararo aloqalarning oʻrni beqiyos. Jumladan, har ikkala davlat rahbarlarining rasmiy uchrashuvlari davomida xalqaro munosabatlarni mustahkamlash yoʻlida bir qancha kelishuvlar shakllandiki, chegara oʻtish punktlari faoliyatining yengillashtirilishi shular jumlasidandir. Yaqinda, Andijon viloyatidagi “Mingtepa” hamda “Xonobod” chegara oʻtkazish punktlari oʻz faoliyatini qayta boshlaganligi esa xalqlar oʻrtasidagi bordi-keldini yanada yaqinlashtirdi.

— Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanganligim bois, Oʻzbekiston Respublikasiga tez-tez borib turaman, — deydi Jalolobod viloyati Suzoq tumanida istiqomat qiluvchi Neʼmatjon Asqarov. — Buning uchun avvallari oʻz avtomobilimda Xoʻjaobod tumanidagi “Doʻstlik” xalqaro oʻtkazish punkti orqali harakatlanardim. “Xonobod” punkti ish boshlagach, men kabilar uchun qulayliklar kengaydi. Masalan, avvallari Jaloloboddan Andijongacha borish uchun 3,5-4 soat vaqt sarflagan boʻlsam, hozirga kelib atigi ikki soat yoʻl yuryapman, xolos. Sababi, 180 км.дан iborat masofa 80 км.га qisqardi.

Har ikkala punktning ish boshlashi fuqarolar vaqtini tejab, uzundan-uzun navbatlarning yuzaga kelishiga barham berdi. Misol uchun, oldinlari qoʻshni davlat hududiga oʻtish uchun “Doʻstlik” xalqaro oʻtkazish punktida bir yarim-ikki soatgacha vaqt sarflashga toʻgʻri kelgan boʻlsa, endilikda kirdi-chiqdi harakatlari bor yoʻgʻi, besh-oʻn daqiqa vaqt ichida amalga oshirilmoqda.

Foto: “Xalq soʻzi”

— Bu borada ID karta tizimining joriy etilganligi ayni muddao boʻldi, — deydi Xonobod shahrida yashovchi Soraxon Ahmadaliyeva. — Avvallari pasport orqali rasmiylashtirish ishlari koʻp vaqtni olardi. Bu orada navbat yuzaga kelar edi. Hozir esa barcha rasmiy maʼlumotlar elektron bazada saqlanganligi bois, harakatlarimiz tez amalga oshyapti. Menimcha, bundan ortiq qulaylik boʻlmasa kerak.

Aytish joiz, Xoʻjaobod tumanidagi “Doʻstlik” oʻtkazish punktida elektron darvozaning joriy etilishi koʻplab qulayliklarni yaratdi.

— U sanoqli daqiqalar mobaynida fuqaroning pasporti orqali hujjatning haqiqiyligini, oʻz egasiga mansubligini va sana bilan bogʻliq maʼlumotlarni qayd etadi, — deydi DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchisi Dilxushbek Rahmonov. — Bu esa ikki davlat oʻrtasidagi kirdi-chiqdi harakatlarining shaffofligini, tezkorligini va aniqligini taʼminlaydi.

— Garchi, Marhamat tumanida tugʻilib, voyaga yetgan boʻlsam-da, Qirgʻiziston Respublikasining Aravon tumaniga turmushga chiqqanman, — deydi Sayqaloy Mamatova. – Qishloqlarimiz orasi bir qadam. Shunday boʻlsa-da, uzoq vaqt mobaynida “Doʻstlik” oʻtkazish punkti orqali harakatlandik. Buning uchun kamida yarim kun vaqt sarflar edik. Marhamat tumanidagi “Mingtepa” oʻtkazish punkti ish boshlagach, uzogʻimiz yaqin boʻldi. Shundoqqina koʻzimizga koʻrinib turadigan qishlogʻimizni sogʻingan kunimiz darrov borib keladigan boʻlib qoldik.

Foto: “Xalq soʻzi”

Xonobod shahridagi “Xonobod” oʻtkazish punkti ham har ikki davlat fuqarolari uchun katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Kunu tun faoliyat olib boruvchi ushbu maskan mamlakatlarni oʻzaro bogʻlab turuvchi doʻstlik darvozasi vazifasini oʻtamoqda. Bundan uch oy muqaddam foydalanishga topshirilgan ushbu maskan bir kunda 20 ming nafar fuqaroga xizmat koʻrsatishi koʻzda tutilgani holda, ayni paytda 2,5-3 ming nafar fuqaroga va oʻrtacha 200 ta avtomobilga xizmat koʻrsatmoqda. Xalqaro maqomga ega boʻlgani bois, xorijlik tashrif buyuruvchilar ham bu joydagi imkoniyatlardan unumli foydalanmoqdalar.

Bozoriyu, mozori bir boʻlgan ikki xalqning ikki yoʻli yana bir manzilda birlashdi. Bu manzilning nomi birdamlik, ahillik, totuvlik kabi buyuk sifatlar bilan belgilanar ekan, demak, bizni chorlaguvchi keyingi manzillar ham bundanda charogʻon boʻlgay.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер