Andijon viloyatidagi korxonalardan biri ishchilardan qariyb 250 million soʻm qarzdor

04:14 16 Yanvar 2022 Jamiyat
1422 0

Majburiy ijro byurosi Andijon viloyati boshqarmasi hamda uning hududiy boʻlimlari tomonidan sud hujjatlariga asosan, belgilangan soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni, shuningdek, xodimlarning ish haqlarini oʻz vaqtida toʻlamay kelayotgan ayrim yuridik shaxslardan qarzlarni undirish boʻyicha zarur ishlar olib borilmoqda.

Andijon viloyatidagi unitar korxonaning 67 nafar ishchi va sobiq xodimlari korxonadan oylik maoshlarini ololmayotganliklaridan norozi boʻlib sudga murojaat qilgan hamda toʻlanmagan ish haqini undirish yuzasidan daʼvo arizasi kiritgan.

Mazkur daʼvo arizasi Fuqarolik ishlari boʻyicha Andijon tumanlararo sudi tomonidan koʻrib chiqilib, unitar korxonaning 67 nafar ishchi va sobiq xodimlariga toʻlanishi lozim boʻlgan jami 244 million 179 ming 661 soʻm miqdoridagi oylik ish haqlarini undirish toʻgʻrisida sud buyrugʻi chiqargan.

Ish haqlarini undirish boʻyicha chiqarilgan sud buyruqlari Majburiy ijro byurosi Andijon shahar boʻlimi ish yurituviga kelib tushgach, tegishli tartibda ijro ishi yurituvi qoʻzgʻatilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 154-moddasida ish beruvchi oʻzining moliyaviy holatidan qatʼi nazar, xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq, mehnatga haq toʻlash muddatlarida toʻlashi shartligi koʻrsatib oʻtilgan.

Olib borilgan majburiy ijro harakatlari natijasida qarzdor Andijondagi unitar korxonadan jami 244 million 179 ming 661 soʻm miqdordagi qarzdorlik toʻliq undirilib, haqdorlarning bank plastik kartalariga oʻtkazib berilishi taʼminlandi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер