Andijon viloyatida nega asfaltdan voz kechilmoqda?
Foto: Халқ сўзи
Oʻtgan yilning kuz faslida Andijon shahridagi Shimoliy kichik dahada joylashgan ichki koʻchalarda tajriba tariqasida asfalt oʻrniga betondan foydalanildi. Bu hammani hayratlantirdi, ayniqsa, shu hududda istiqomat qiluvchi aholini.
— Avvaliga hayron boʻldim, nega asfalt oʻrniga beton qoplanyapti, deb, — deydi shu hududdagi koʻp qavatli uylardan birida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Saydullo Otamirzayev. — Beton ogʻir yuk mashinalari harakati natijasida parchalanib ketadiku, degan xayol oʻtdi. Keyin “kattalar” ham bir nimani bilmasa, bajarmasa kerak, deb natijasini kutdim. Bu vaqt orasida qanchadan-qancha mashinalar oʻtdi bu yoʻldan. Tonnalab yuk tashilyapti. Yoʻlga esa gard ham yuqqani yoʻq. Agar asfalt boʻlganida bu paytgacha koʻchishni boshlardi.

Mutaxassislarning maʼlum qilishicha, 1 km uzunlikda, kengligi 4,5 metrli koʻchani asfalt qilish uchun 600 mln. soʻm xarajat qilinadi. Agar bu ish beton orqali amalga oshirilsa 527 mln. soʻm sarflanadi. Demak, 73 mln. soʻm tejam imkoni yaratiladi. Eng muhimi, bu uslubdagi yoʻlning chidamlilik muddati bir necha barobarga ortadi. Shu bois bugungi kunga kelib Andijon viloyatidagi aksariyat tumanlarda joylashgan ichki yoʻllarni shagʻallash yoki asfaltlash oʻrniga betonlash ishlariga kirishildi. 15-20 sm qalinlikdagi beton qorishmasi asfaltga nisbatan besh-olti barobar chidamlilik xususiyatiga ega ekanligi bois bu tajriba hududlardagi yoʻl bilan bogʻliq muammolarni uzoq muddatga ijobiy yechimini taʼminlamoqda, deyish mumkin. Amalga tatbiq etilayotgan yangi tajriba nafaqat mablagʻni iqtisod qilmoqda, balki ish koʻlamini ham oshirmoqda. Masalan, 800 km yoʻlni asfalt qilish uchun 480 mlrd. soʻm mablagʻ sarflash oʻrniga 422 mlrd. soʻm evaziga beton qorishmali yoʻl barpo etish orqali 58 mlrd. soʻmni iqtisod qilish mumkin. Bu esa yana 110 km yoʻlni taʼmirlash imkonini beradi. Shu tariqa bu yil Andijonda ichki yoʻllarning taʼmirlanganlik darajasini 60 foizdan 73 foizga yetkazishga erishiladi.
Xoʻsh, bu gʻoya oʻzi qayerdan paydo boʻldi? Tarixdan maʼlumki, har qanday ixtirolar va istiqbolli loyihalar ehtiyojdan yuzaga keladi. Sir emas, Oʻzbekistonda ham ichki yoʻllarni asfalt qilishdagi muammolardan biri bitum xom ashyosi bilan bogʻliq. Muammoni tan olish uning yechimini topish, degani emas. Viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov tashabbusi bilan boshlangan xayrli ishni keng koʻlamda davom ettirish uchun oʻtgan yilning sentyabr oyida «Rash Milk» MCHJ tomonidan sement mahsulotini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Hozirda ushbu jamiyat tasarrufida yoʻl qurilishi korxonasi tashkil etilib, 10 dan ortiq maxsus texnik vositalar sotib olindi. Shu tariqa beton yoʻl qurish klasteriga asos solindi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring