Andijon viloyati hokimligida Xitoy kompaniyalari rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazildi
Xitoy Xalq Respublikasining “Xaynan Stzintanbo Investment” hamda “Xaynan Chjyondjun Tanbo Lishan Industry” kompaniyalari boshqaruv raisi Ma Szayshenning Andijon viloyati hokimligi masʼullari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari, jumladan, Xonobod shahrida “Quruq port” logistika markazini barpo etish, transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan yoʻl qurilishi loyihalari, shuningdek, Bobur shahri infratuzilmasini kompleks yaxshilash boʻyicha rejalashtirilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.
— Muzokaralar jarayonida loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari, investitsiya hajmlari, amalga oshirish bosqichlari hamda oʻzaro manfaatli hamkorlik shartlari yuzasidan fikr almashildi, — deydi viloyat hokimligi masʼul xodimi Rustamjon Eshonov. — Viloyat rahbari hududning investitsiya salohiyati, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti hamda davlat tomonidan koʻrsatilayotgan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari haqida batafsil maʼlumot berdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro taklif va tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlab, belgilangan yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha qator kelishuvlarga erishdilar.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring