Andijon shahrida Habib Siddiq tavalludining 70 yilligi keng nishonlandi
Foto: Халқ сўзи
Shu kunlarda respublikamiz boʻylab Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi, “Shuhrat” medali sohibi, taniqli hajvchi adib Habib Siddiq tavalludining 70 yilligi oldidan maʼnaviy-maʼrifiy, adabiy-badiiy anjumanlar boʻlib oʻtmoqda.
Andijon shahridagi Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabida respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari viloyat boʻlimlari bilan hamkorlikda adib bilan uchrashuv tashkil etildi.

— Koʻp yillardan buyon Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutida ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shugʻullanib kelayotgan yozuvchi, olim, publitsist va tarjimon Habib Siddiq nomi adabiyot ixlosmandlariga yaxshi tanish, —deydi respublika yozuvchilar uyushmasining aʼzosi Farid Usmon. —Adibning “Toʻqayga oʻt tushsa”, “Kim oshdi savdosi”, “Bedavo dardning davosi”, “Inglizcha tush”, “Chirogʻi yoniq xonadon”, “Oʻraga sichqon tushdi”, “Nimkosa”, “Hayot yoʻlga oʻxshaydi”, “I smex, i grex” kabi nasriy va publitsistik kitoblari, “Yaxshilar koʻp dunyoda, “Labbay, xoʻjayin...» nomli qissalari, ommaviy axborot vositalarida chop etilgan hikoya, hajviya va hangomalari oʻquvchilar qoʻliga yetib borgan, muxlislar eʼtiborini qozongan.

Adib asarlari asosida yigirmadan ortiq teleminiatyuralar, “Choʻgʻ”, “Kichik korxonaning katta hangomasi”, “Taqdirlar” videofilmlari tasvirga olingan va tez-tez namoyish etilmoqda. Turli millat adiblarining qator jahonga mashhur komediyalari va hikoyalari Habib Siddiq tarjimasida oʻzbek oʻquvchilari va tomoshabinlarining maʼnaviy mulkiga aylanib ulgurdi. Hajviya va hangomalari rus, ingliz, turk, qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq tillariga tarjima qilinib, Vatanimiz sarhadlaridan tashqarida ham oʻz oʻquvchilarini topib bormoqda.
Tadbirda soʻz olgan yozuvchi, olim, publitsist va tarjimon Habib Siddiqning hayot va ijod yoʻli, muxlislar eʼtiborini qozongan asarlari, adabiyotimiz rivojiga qoʻshgan salmoqli hissasi, insoniy fazilatlari haqida soʻzladilar, ijodkorga mustahkam sogʻlik, ijodiy muvaffaqiyatlar tiladilar.
Sardorbek SIROJIDDIN,
Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring