Andijon shahri suvsiz qoladimi?
Shu yilning 9-yanvar kuni Andijon shahriga ichimlik suvi yetkazib beruvchi diametri 1400 mm.li boʻlgan “Xonobod-Andijon” markaziy suv quvurining Andijon tumani Xortum MFYga qarashli “Anjirzor” koʻchasi hududida joylashgan suv taqsimlash jihozida nosozlik yuzaga keldi. Bu esa viloyat markazida istiqomat qiluvchi aholining tashvishiga sabab boʻldi. Aholi orasida “Andijon shahri bir necha kun davomida toza ichimlik suvisiz qolar ekan” degan xabar tarqaldi. “Xalq soʻzi” muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida voqea joyida boʻldi.

- Nosozlikni bartaraf etish uchun barcha kuch va imkoniyatlar ishga solingan, - deydi “Andijon suv taʼminoti” MCHJ direktori Shuhratbek Matmusayev. – Ayni paytda viloyat hokimi Shuhratbek Adurahmonov boshchiligidagi ishchi guruhi voqea joyida hodisa sabablarini oʻrganish va nosozlikni bartaraf etish ishlarini olib bormoqdalar. Aholining tashvishlanishiga hojat yoʻq, sababi, bu kabi muammoni bartaraf etish uchun texnik vositalarimiz ham, tajribamiz ham yetarli. Har qanday vaziyatda isteʼmolchilarga ichimlik suvi yetkazib berish uchun sharoit yaratamiz.
Maʼlum boʻlishicha, nosozlikni bartaraf etish ishlari bir necha kunni talab etadi. Buning uchun 11-12-yanvar kunlari aholiga suv yetkazib berish taʼminotida uzilish yuzaga kelishi mumkin. Bu vaqt mobaynida Andijon shahriga Jalaquduq tumanida joylashgan “Paxtakor” yer osti suv inshooti orqali toza ichimlik suvi yetkazib beriladi. Bundan tashqari, 20 dona maxsus suv tashish transport vositalari xizmatga shay holatga keltirildi.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring