“Andijon muzqaymogʻi” kimga tegishli ekanligi maʼlum qilindi. Mahsulot brend sifatida roʻyxatga olinmoqda
Tez suratlarda xalq orasida mashhur boʻlgan “Andijon muzqaymogʻi” mahsuloti Andijon viloyati, Andijon shahar, Industrial koʻchasi, 12 uyda istiqomat qiluvchi Madraximov Hikmatulloh Neʼmatullo oʻgʻliga tegishlidir. Bu haqda Intellektual mulk agentligi agentligi axborot xizmati maʼlum qildi.
Agentlikning xabar qilishicha, afsuski, soʻngi paytlarda ushbu mahsulotning kontrafakt nusxalari koʻpayib ketdi. “Uddaburon tadbirkorlar” tomonidan goʻyoki samolyot orqali Andijondan olib kelingan degan yolgʻon maʼlumot bilan “Andijon muzqaymogʻi” nomi ostida sifatsiz mahsulot sotilmoqda.
Joriy yilning 24-may kuni Agentlikning Andijon viloyat Intellektual mulk himoyasi markazi xodimlari tomonidan “Andijon muzqaymogʻi”ni ishlab chiqaruvchi egasi H.Madraximovning uyiga borilgan holda unga ishlab chiqarayotgan mahsulotiga tovar belgisini olishi lozimligi, oʻz brendini rasmiylashtirishi “Andijon muzqaymogʻi”ning umrini uzaytirishi, kontrafakt nusxalari taʼsirida asl mahsulotga ham ishonch yoʻqolishi, bozorining kasodga uchrashi ehtimolligi haqida batafsil tushuntirish berildi.
Natijada H.Madraximov tomonidan “Andijon muzqaymogʻi” tovar belgisini brend sifatida roʻyxatdan oʻtkazish uchun Agentlikka talabnoma topshirildi.
Muzqaymoq aynan Andijonda tayyorlangani va oʻziga xosligidan kelib chiqib brend sifatida roʻyxatdan oʻtkazilmoqda. Birinchidan, tovar nomini muhofazalash orqali tadbirkorlar oʻz mahsulotlaridan boshqalarning ruxsatsiz foydalanishi hamda soxta yoki kontrafakt nusxalari paydo boʻlishidan himoya qilsa, ikkinchidan, brendni rivojlantirish orqali tovarning qiymati oshadi, qoʻshimcha daromad olishiga va oʻz faoliyatini yana-da kengaytirishiga sabab boʻladi.
“Endilikda «Andijon muzqaymogʻi” ham Davlat muhofazasiga olinadi hamda Agentlik va uning hududiy markazlari “Andijon muzqaymogʻi” brendining muhofaza qilinishini taʼminlaydi», deyiladi xabarda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring