Andijon xalqaro hamkorlik va investitsiyaviy muloqotlar markazida

11:51 08 Aprel 2026 Jamiyat
212 0

Andijon viloyatida dunyoning 45 ta davlati elchilari hamda nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida yuqori darajadagi uchrashuv va tanishuv tadbirlari boʻlib oʻtdi. Ushbu tashrif viloyatning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida muhim ahamiyat kasb etib, uning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Tashrif davomida mehmonlar hududda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, ishlab chiqarish quvvatlari, sanoat zonalari hamda investitsiyaviy loyihalar bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, viloyatning tarixiy-maʼrifiy va diqqatga sazovor maskanlariga ham tashrif buyurib, Andijonning boy madaniy merosi va salohiyati haqida keng tasavvurga ega boʻldilar.

— Tadbir doirasida Mebelchilik sanoati kompleksida oʻtkazilgan muloqotlar chogʻida qator davlatlar elchilari tomonidan takliflar ilgari surildi, — deydi viloyat hokimligi masʼul xodimi Rustamjon Eshonov. — Jumladan, Qirgʻiziston va Tojikiston Respublikasi elchilari mebel mahsulotlarini ulgurji xarid qilish va savdo hamkorligini kengaytirish boʻyicha tashabbus bildirdi. Pokiston Islom Respublikasi vakili esa ushbu sohada investitsiyalarni jalb etish hamda ikki tomonlama sanoat hamkorligini yoʻlga qoʻyish taklifini ilgari surdi. Shu bilan birga, Moʻgʻuliston tomonidan mebelchilik sanoati uchun arzon va sifatli xom ashyo yetkazib berish masalasi muhokama etildi. Charm-poyabzal sanoat zonasida boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda ham amaliy kelishuvlarga erishildi. Moʻgʻuliston vakili tayyor charm mahsulotlarini eksport qilish boʻyicha hamkorlikni kengaytirishni taklif etdi. Hindiston elchixonasi vakili esa teri xom ashyosini qayta ishlash sohasida hamkorlik qilish hamda Andijon gullarini Hindiston bozoriga eksport qilish tashabbusini bildirdi. Falastin Davlati va Saudiya Arabistoni vakillari Andijonda ishlab chiqarilgan charm poyabzal mahsulotlarini oʻz mamlakatlariga eksport qilish boʻyicha takliflar bilan chiqdilar. Bangladesh vakili esa jahon bozorida raqobatbardosh narxlarda xomashyo yetkazib berish yoʻnalishida hamkorlikni kengaytirishni taklif qildi.

Uchrashuvlar yakunida bildirilgan barcha taklif va tashabbuslar Andijon viloyatining iqtisodiy salohiyatini oshirish, eksport geografiyasini kengaytirish hamda xalqaro investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Maʼlumki, Andijon qadimiy va navqiron diyor boʻlib, u Buyuk Ipak yoʻli chorrahasida joylashgani bilan tarixan Sharq va Gʻarbni bogʻlovchi muhim savdo va madaniyat markazlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda ham viloyat ushbu anʼanalarni davom ettirgan holda, ochiq va manfaatli hamkorlik siyosati asosida jahon hamjamiyati bilan aloqalarni kengaytirib bormoqda. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda Prezident rahbarligida amalga oshirilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” islohotlari inson qadrini ulugʻlash, farovon jamiyat barpo etish hamda xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Ushbu siyosatning amaliy natijalari Andijon viloyati misolida ham yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер