«Amirsoy»da yangi dor yoʻli ishga tushirildi
Kecha, 26-dekabr kuni Toshkent viloyatidagi «Amirsoy» togʻ-changʻi kurortida «Amirsoy Ekspress» yangi dor yoʻli rasman ishga tushirildi.
Ochilish marosimini Bosh vazir oʻrinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi.
Gondola toifasiga kiruvchi mazkur dor yoʻli dunyo miqyosida mashhur ishlab chiqaruvchi — “Doppelmayr” kompaniyasi tomonidan yaratilgan.
«Amirsoy Ekspress» tashrif buyuruvchilarni avtomobil yoʻlidan toʻgʻridan-toʻgʻri kurort hududiga yetkazib qoʻyadi, bu esa uzoq masofali togʻ yoʻlini chetlab oʻtib, haydovchilar uchun 5 km. ga qisqartiradi. Uning umumiy uzunligi 2913 metr boʻlib, soatiga 2400 kishini tashish quvvatiga ega. Sayohat vaqti 9 daqiqani tashkil etadi. Investitsiyalarning umumiy qiymati 15,2 mln. yevroni tashkil etdi.
«Ushbu yangi dor yoʻlining qurilish davri 2021-yilning 1-may kunidan to shu yilning 15-dekabriga qadar davom etdi. Bu yerdagi kabinalar soni 74 tani tashkil etib, kabina sigʻimi 10 kishiga moʻljallangan. Yangi dor yoʻlida sayohat vaqti 9 daqiqadan iborat boʻlib, harakat tezligi 6 m/s tashkil qiladi. Dam olish maskanlarimizda bunday xizmatlarning yoʻlga qoʻyilishi oxir-oqibat Oʻzbekiston turizmida mavsumiylik tushunchasining yoʻqolishiga olib keladi, yaʼni sayyohlar qaysi mavsum boʻlishidan qatʼiy nazar, yurtimizga sayohat qilib, maroqli dam olishlari mumkin boʻladi. Asosiy maqsadimiz ham shu!», deydi Aziz Abduhakimov.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring