Amir Abdulahadxon kiygan toʻn
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoro shahridagi Sitorai Mohi Xossa xalq amaliy bezak sanʼati muzeyida boʻlgan kishining eʼtibori butador
naqshli toʻnga tushishi tayin. Qoʻl mehnati mahsuli sanalgan bu toʻn XIX asr boshlarida amir Abdulahadxon uchun maxsus tayyorlangan. Hukmdor uni tantanali marosimlarda kiygan.
Oʻsha davrlarning baxmal-u shoyi matosidan foydalanilgan, kumush simlarida 20 foizgacha tilla suvi yuritilgan bu noyob toʻn uzoq yillar mobaynida koʻrgazma zallarida namoyishga qoʻyildi. Pirovardida zardoʻzi bezaklarning ogʻirligi, qolaversa, vaqt taʼsirida uning yelka qismlari kirlangani, titilgani kuzatildi. Alalxusus, Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasining taʼmirlash boʻlimiga topshirildi.
— Dastlab mato va zar ustida test oʻtkazildi, — deydi muzey-qoʻriqxona ilmiy xodimi S. Nosirova. — Shundan kelib chiqqan holda taʼmirlash ishlarini bir necha bosqichda amalga oshirish rejalashtirildi. Taʼmirlash jarayonida angishvona, qaychi ushturgardon (tuya boʻyin qaychi), patila, yumshoq shchyotka, ipak ip, zar ip, ingichka igna, arganza mato, spirt, ammiak, tozalangan suv, paxta oʻramidan foydalanildi. Sabr-toqat, qunt va malaka talab qiladigan, oʻn bosqichdan iborat restavratsiya ishlari natijasida butador toʻn asl holiga keldi. Natijada u yana muzey eksponatlari qatoridan oʻrin oldi.
Aytish joizki, bu toʻnni nafaqat Abdulahadxon, balki Amir Olimxon ham tantanali tadbirlarda kiyib chiqqan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring