Alisher Shodmonov: Xorijdan olib kelinadigan fuqarolar Toshkent viloyatidagi sanatoriylarda karantinga joylashtiriladi
Xorijiy mamlakatlardan charter reyslarda Oʻzbekistonga olib kelinadigan fuqarolar Toshkent viloyatidagi sanatoriylarga joylashtiriladi. Bu haqda mamlakat sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, bugun Janubiy Koreyadan charter reys bilan Oʻzbekistonning 250 nafar fuqarosi olib kelinadi. Ular Toshkent viloyatidagi “Energetik”, “Boʻston” va “Chotqol” sanatoriylariga joylashtiriladi.
Shodmonov ular bemor emasligi, faqatgina boshqalar bilan muloqot qilmasligi uchun izolyatsiyada boʻlishlarini taʼkidladi. Vazir karantindagilar uchun sanatoriyda barcha sharoitlar yaratilgani, tibbiyot xodimlari ularni kuzatib borishi, laborator tekshiruvlar oʻtkazilishi hamda 14 kundan soʻng ularga javob berilishini bildirdi.
Bugungi kunda faqat Xitoy koronavirusni oʻsishini toʻxtata oldi. Oʻlimlarni ham ortga qaytara oldi, ijobiy oʻzgartirishga erishdi, vaziyatni qoʻlga oldi. Nimaning hisobiga? Tartib-intizomning hisobiga. Xalqning toʻgʻri tushungani hisobiga. Xitoyda ham boshida ancha qiyinchilik boʻldi. Hattoki ular karantin talablariga rioya etmaganlarga jinoiy javobgarlik joriy etib, maxsus qamoqxonalargacha olib borishdi.
Albatta, bizning mamlakatda bunday choralar haqida gap ketmayapti, lekin biz mana shu talablarga rioya etilsa, kasallikni oʻz vaqtida aniqlash imkoniga ega boʻlamiz. Oila aʼzolari, hamkasblari, mahalladoshlari yoki tengdoshlarini ham kuzatib, ularga tarqalishiga yoʻl qoʻymaymiz, — dedi Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring