Aliment uchun “Damas” avtomashinasi xatlab berildi
Illyustrativ foto
Ota bo‘lish oson, otalik qilish qiyin, degan gap bor xalqimizda. Bugungi kunga kelib bu ibora ko‘proq farzandining moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlovchi otalarga nisbatan qo‘l kelmoqda. Afsuski, turli sabablar bilan parokanda bo‘lgan oilalarda farzandlar nafaqat, ruxiy tushkunlikka tushmoqdalar, balki, moddiy jihatdan ham kamsitilmoqdalar.
Marhamat tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh. Rasulova ham fuqarolik ishlari bo‘yicha Asaka tumanlararo sudiga aynan shu mavzuda murojaat qildi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu sudning ijro hujjatiga asosan 2016 yilning 18 oktyabr kuni ayolning 2014 yilda tug‘ilgan farzandi uchun fuqaro X. Noʻmonovdan aliment undirilishi lozim bo‘lgani holda, afsuski, ota bu majburiyatni o‘z vaqtida bajarmagan. Natijada 4 mln. so‘m miqdoridagi qarzdorlik yuzaga kelgan.
Majburiy ijro byurosining Marhamat tumanidagi bo‘limi xodimlarining tushuntirish ishlari bu gal o‘z samarasini berdi. Qarzdorning otasi, ya’ni farzandning bobosi o‘z nabirasi uchun voyaga yetgunga qadar to‘lashi kerak bo‘lgan aliment miqdorini bira to‘la to‘lashga qaror qildi. Shu tariqa o‘z mulki bo‘lmish “Damas” avtomashinasini uning nomiga rasmiylashtirib berdi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq so‘zi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring