Albatta, Paralimpiyadada erishilgan har bir yutuq, har bir natija beqiyos ahamiyatga ega — Shavkat Mirziyoyev
Koʻksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev Parijdagi Paralimpiya oʻyinlarida yurtimiz sharafini himoya qilgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuv oʻtkazmoqda.
Oʻzbekiston jamoasi 10 ta oltin, 9 ta kumush, 7 ta bronza – jami 26 ta medalni qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida 13-oʻrinni, Osiyo qitʼasida 3-oʻrinni, turkiy va islom mamlakatlari hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi boʻyicha 1-oʻrinni egallagani taʼkidlandi.
Paralimpiya oʻyinlarida bunday rekord natija ilgari hech qachon boʻlmagani qayd etildi.
“Bu – sizlarning tinimsiz mehnatingiz, bukilmas irodangiz, isteʼdod va mahoratingiz samarasidir. Bu – yurtimizda inson qadrini amalda taʼminlashga qaratilgan tizimli ishlarimiz natijasidir.
Oʻz Vatanini jon-u dili bilan sevadigan, metin irodali, yuragida oʻti bor insonlargina shunday ulugʻ ishlarga qodir boʻladi.
Xalqimiz sizlar bilan cheksiz faxrlanadi. Katta rahmat sizlarga!”, — dedi davlatimiz rahbari.
Tokio Paralimpiya oʻyinlaridan soʻng keyingi safar albatta kuchli “oʻn beshtalikka” kiramiz, deb ezgu niyat qilingan edi.
Oʻtgan yillar davomida shu maqsad yoʻlida tinimsiz mehnat qilindi. Sportchilarimiz uchun barcha zarur sharoitlar yaratilib, yuksak marralar uchun puxta zamin tayyorlandi.
Natijada Oʻzbekiston bu yilgi Paralimpiya oʻyinlarida birinchi marta eng koʻp tarkib bilan, yaʼni 9 ta sport turi boʻyicha 65 nafar sportchi bilan ishtirok etdi.
Ayniqsa, para velosport boʻyicha vakillarimiz ushbu musobaqalarda ilk bor qatnashganini alohida eʼtirof etish lozim.
Prezident:
“Albatta, Paralimpiyadada erishilgan har bir yutuq, har bir natija beqiyos ahamiyatga ega.
Chunki toʻrt yilda bir marta oʻtadigan bunday yirik xalqaro musobaqa orqali dunyo hamjamiyati har bir qatnashchi mamlakatda insonning jismoniy va maʼnaviy salohiyatini roʻyobga chiqarishga qanday eʼtibor qaratilayotganiga baho beradi.
Shu bois, sizlar tarixiy yutuqlaringiz bilan Oʻzbekiston shaʼnini, yurtimiz nufuzini yuksak bosqichga olib chiqdingiz, desak, haqiqatni aytgan boʻlamiz”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring