Aholining kuz-qish mavsumi bilan bogʻliq muammolari ijobiy yechim topdi

18:22 23 Noyabr 2023 Jamiyat
220 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Sanoqli kunlardan soʻng yurtimizga qish fasli kirib keladi. Aholi bilan yuzma-yuz uchrashib, ularning mavzuga doir muammolarining ijobiy yechimini taʼminlash bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir. Shu bois Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joylardagi Xalq qabulxonalari tomonidan sayyor qabullar boʻlib oʻtmoqda. Andijon shahridagi ana shunday tadbirda koʻtarilgan masalalar Xalq qabulxonasi va Andijon shahar hokimligi hamkorligida oʻrganildi.

— Mahallamizda tabiiy gaz taʼminotida muammolar mavjud, — deydi “Shoʻrbuloq” MFYda istiqomat qiluvchi Adolatxon Yuldasheva. — Koʻmir yonilgʻisi taʼminotida amaliy yordam soʻrab qilgan murojaatim, shu joyning oʻzida ijobiy yechim topib, 500 kilogramm miqdoridagi koʻmir uyimga eltib berildi.

“Qoʻldan berganga qush toʻymas”,-degan naql bor xalqimizda. Tashkilotchilar tomonidan har qancha yordam berilmasin, aholining oʻzida doimiy daromad manbai boʻlmas ekan, barcha saʼy-harakatlar vaqtinchadir. Shundan boʻlsa kerak tikuvchilikka layoqati bor boʻlgan va “Ayollar daftari”da turuvchi 25 nafar xotin-qizga subsidiya asosida tikuv mashinalari taqdim etildiki, buning natijasida ular oʻzini-oʻzi ish bilan band etishadi.

Shu kuni aholi tomonidan kelib tushgan barcha murojaatlarning ijobiy yechimi taʼminlandi.

Umuman olganda, yilning oʻtgan davri mobaynida Andijon shahar Xalq qabulxonasiga hamyurtlarimiz tomonidan 1 ming 58 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, shundan 657 tasi ijobiy hal etilgan. Qolgan qismi esa ijroga yoʻnaltirildi. Bu kabi saʼy-harakatlar zamirida inson qadr-qimmatiga boʻlgan eʼtiborning yorqin ifodasi mujassam.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер