Aholining isteʼmol talabi doirasida mavjud zaxiraga qoʻshimcha 26,5 ming tonna piyoz kerak
Foto: Халқ сўзи
Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Qishloq xoʻjaligi vazirligi agrotexnologiyalar bosh boshqarmasi boshligʻi Zafar Ortiqov maʼlum qildi.
2022-yilda respublika boʻyicha barcha toifa xoʻjaliklarida 91,1 ming gektar maydonga piyoz ekilib, 1,9 mln tonna shundan, avgust-sentyabr oylarida 665 ming tonna kuzgi hosil yetishtirildi.
Yetishtirilgan piyoz hosilining 1,2 mln tonnasi aholi isteʼmoliga, 203 ming tn eksportga, 93,2 ming tn zaxiraga, 210 ming tn umumiy ovqatlanish va qayta ishlash korxonalariga yoʻnaltirildi. Tabiiy yoʻqotishlar esa 228 ming tn tashkil qildi.
Hisob-kitoblarga koʻra, 2023-yilning 20-yanvardan 30-apreliga qadar tibbiy meʼyorlar boʻyicha aholining piyozga boʻlgan isteʼmol talabi oʻrtacha 346 ming tonnani tashkil etadi.
Oʻz navbatida, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berish tizimida uzilishlar yuzaga kelishi oqibatida, mamlakatimizning ayrim dehqon bozorlarida xaridorlar tomonidan mazkur mahsulot narxining oshishi borasida salbiy fikrlarning tarqalishiga sabab boʻlmoqda.
Bunday holat esa bozorlarda ushbu turdagi mahsulot narxiga ham taʼsir qilishi mumkin. Masalan, bugungi kunda respublika dehqon bozorlarini oʻrganganimizda, piyozning oʻrtacha chakana narxi 6000-8000 soʻm, ulgurji narxi oʻrtacha 5500-6500 soʻm ekanligi maʼlum boʻldi.
Buning asosiy sababi sifatida, respublikada joriy yil 9-yanvaridan 17-yanvargacha boʻlgan anomal sovuq (oʻrtacha -13 oS dan -22 oS daraja) sababli, yoqilgʻi-energetika sohasida vujudga kelgan muammolar va mahsulotni tashish logistikasi tizimida yuzaga kelgan uzilishlarni koʻrsatish mumkin.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan 2023-yilning 9-yanvarida zaxiradagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sovuqdan asrash, asosiy turdagi mahsulotlarni sifatini buzmay saqlash maqsadida, soha olimlari va mutaxassislarining tavsiyalari mamlakatimizning hududiy boshqarmalariga yuborilgan hamda ommaviy axborot vositalari orqali yoritilgan.
Biroq, anomal sovuq natijasida, dehqon bozorlarida ayrim ochiq rastalarda saqlangan piyoz mahsulotlari muzlab qolgan (muzlash harorati -5 oS) hamda noqulay ob-havo sharoiti natijasida, taklif yaʼni, bozorga mahsulotni olib kelish xajmi pasaygan.
Malasan, xorijiy davlatlardagi holatni oʻrganganimizda, jahonda kechayotgan geosiyosiy vaziyat va iqtisodiy munosabatlar zanjiridagi murakkabliklar natijasida, piyozning dunyo bozoridagi narxi sezilarli darajada oshganligini koʻrish mumkin. Oqibatda Oʻzbekiston va MDXda piyoz narxi 2 barobarga oʻsgan. Jumladan, bugungi kunda Ukrainada 74 sent, Gruziyada 56 sent, Belarussiyada Polsha, Moldova va Tojikistonda 47-50 sentni tashkil etmoqda.
Mamlakatimizda, ichki isteʼmol bozor narxini arzonlashtirish, aholining isteʼmol talabini qondirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasida 2023-yilning 1-yanvaridan 4 oyga piyoz eksportiga vaqtincha cheklov oʻrnatildi.
Bugungi kunda, joylardagi zaxira qilingan piyoz holati oʻrganildi. Jumladan, hududlarda zaxira miqdori 87 ming tn va aholi xonadonlarida 232 ming tn, jami 319 ming tn piyoz mahsuloti borligi viloyatlar tomonidan tasdiqlanmoqda. Bu esa joylarda piyoz zaxirasi mavjudligini koʻrsatmoqda.
Mutaxassislarning tahlillariga koʻra, aholining isteʼmol talabi doirasida mavjud zaxiraga qoʻshimcha 26,5 ming tonna piyoz kerakligini koʻrsatmoqda. Ushbu mahsulotlarni import qilish boʻyicha xorijiy davlatlardagi sohaviy hamkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, janubiy viloyatlarimizda bahor oyidan piyozning ertapishar navi yetishtirib olinadi. Jumladan, Surxondaryo va Qashqadaryo zaminida ekilgan urugʻ rejadagidek unib, hosil bersa, bu boradagi taqchillik yuzaga kelmasligi va aholi talabini toʻliq qoplanishi boʻyicha hisob-kitoblar mavjud.
Hozirgi kunda esa, mamlakatimizda nafaqat piyozning balki barcha asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining zaxirasi mavjud va oʻrnatilgan tartibda saqlanmoqda. Talab va taklif mutanosibligi asosida ushbu zaxiralarni mamlakatimiz dehqon bozorlariga chiqarish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring