Aholiga jarimalarni to‘lashda qo‘shimcha yengilliklar yaratilmoqda

11:20 07 Aprel 2023 Siyosat
875 0

Foto: Sirojiddin Vohidov / «Xalq so‘zi»

Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Ma’muriy jarimalarni to‘lashda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 3321-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi. 

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda sud hujjatlarini va boshqa organlarning hujjatlarini ijro etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. 
Xususan, bundan 3 yil avval 15 kun ichida jarima miqdorining 70 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lagan taqdirda, jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinishiga oid soddalashtirilgan tartibning amalga kiritilishi o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatdi.

Biroq ushbu soddalashtirilgan tartibning sud tomonidan qabul qilinadigan qarorlarga nisbatan tatbiq etilmasligi, shuningdek, amalda ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar uchun belgilangan jarima miqdorining yuqoriligi fuqarolarga iqtisodiy tomondan qiyinchiliklar tug‘dirib kelayotgan edi. Bu esa, o‘z navbatida, ma’muriy jarimalarni ixtiyoriy ravishda to‘lashda qiyinchiliklar keltirib chiqarayotgan edi.
Ushbu Qonun bilan huquqbuzar unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarima miqdorining 50 foizini, 30 kun ichida 70 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lasa jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinishi belgilanmoqda.

Eng asosiysi, mazkur tartib endilikda sud qarorlariga asosan qo‘llaniladigan jarimalarga nisbatan ham tatbiq etilishining ko‘zda tutilayotganligi alohida qayd etildi.
Senatorlar mazkur Qonunning qabul qilinishi natijasida ma’muriy jarimalarni to‘lashda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda ularning jarima yukini yanada kamaytirish orqali pul mablag‘larining iqtisod qilinishiga va jarimalarni ijro etish tizimini yanada soddalashtirishga erishilishini ta’kidlab o‘tdilar.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер