Aholi uchun onlayn xizmatlar koʻrsatish sohasi rivojlanmoqda
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini barcha sohalarga keng joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish bugun davr talabi boʻlib turibdi. Aholiga davlat xizmatlaridan foydalanishda yengillik yaratish, jahon standartlariga moslashish yoʻlida mamlakatimizda bir qator ishlar amalga oshirilib kelmoqda.
“Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish” davlat dasturida mazkur sohalar oldiga muhim vazifalar belgilab qoʻyilgan edi. Ushbu vazifalardan hamda hayotning oʻzi oldimizga qoʻyayotgan vazifalardan kelib chiqqan holda mamlakatning har tomonlama taraqqiyotida muhim boʻlgan onlayn xizmatlar sohasi rivojlanib bormoqda. Quyida mavjud xizmatlarning bugungi holati haqida maʼlumotlarga eʼtibor qilamiz.
Fuqarolarning davlat organlari bilan aloqasini elektron platforma orqali amalga oshirish, yaʼni davlat oʻz fuqarolari uchun elektron xizmatlar koʻrsatishi va elektron mahsulotlarni taklif etishi raqamli iqtisodiyotning tarkibiy qismi hisoblanadi. Ana shu maqsadda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (https://my.gov.uz) ishlab turibdi. Bugungi kunda ushbu portal orqali 200 turdan ortiq elektron davlat xizmatlari taqdim etib kelinmoqda. Ular boʻyicha yil boshidan beri 1,4 millionta ariza kelib tushgan boʻlib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 8,1 foiz oshdi. Yil yakuniga qadar umumiy xizmatlar turi 230 tadan oshiriladi.
Jumladan, koʻchmas mulkni ijaraga berish shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazish, fuqarolarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy roʻyxatga olish, ish stajini tasdiqlash haqida arxiv maʼlumotnoma olish xizmatlari joriy qilinishi hamda arxitektura-rejalashtirish topshirigʻini olish, kadastr pasportini roʻyxatdan oʻtkazish, ipoteka kreditlari boʻyicha davlat subsidiyasini olish xizmatlarining takomillashtirilishi rejalashtirilgan.
Ushbu xizmatlarning joriy etilishi bugungi kungacha aholini qiynab kelayotgan koʻplab qogʻozbozliklarning, korrupsion holatlarning, ovoragarchiliklarning oldini oladi.
Sogʻliqni saqlash sohasida ham AKTning keng joriy etilishi, ayniqsa, hozirgi sharoitda judayam muhimdir. Bu borada ham dastlabki chora-tadbirlar amalga oshirilgan, jumladan, sohaning axborot tizimi doirasida “Elektron poliklinika” axborot tizimi joriy etildi. Poliklinikaga kelgan bemorlarni roʻyxatga olish, navbatni boshqarish, shifokorlar reyestrini yuritish kabi jarayonlar avtomatlashtirilgan.
Shuningdek, Shaharsozlik kadastri geoaxborot tizimi (dshk.uz) ham joriy qilinib, respublika hududida yuritilayotgan davlat shaharsozlik kadastri toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlarni onlayn shaklda olish imkoniyati yaratildi.
Bunday xizmatlardan yana biri “E-Mehmon” tizimidir. Bu tizimning joriy etilishi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni internet orqali masofadan turib roʻyxatga olish uchun imkoniyat yaratdi. Bu qulaylik bilan turizm rivojiga ham sezilarli hissa qoʻshiladi.
Ayniqsa, kunlik hayotimizda rasmiy axborot manbasi sifatida xizmat qilayotgan “Karantininfo.uz” tizimi joriy etilishi pandemiya davrida koronavirus bilan infeksiyalangan bemorlarni va aloqada boʻlgan shaxslarni onlayn qayd etish, vaqtinchalik karantin markazida boʻlgan shaxslarni elektron roʻyxatga olish imkoniyatini yaratdi.
“OʻzAgrosugʻurta” kompaniyasi tizimida yagona buxgalteriya hisobini yuritish tizimi joriy etildi, buning natijasida sugʻurta boshqaruvi jarayonlariga sarflanadigan xarajatlarning 5 foizga qisqarishi taʼminlanadi.
«Oʻzsanoatqurilishbank» ATB tomonidan bank mijozlariga qoʻshimcha qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida bank tizimida mobil banking ilovasi joriy qilindi.
Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 29-tegirmon blokida texnologik jarayonlarning avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi joriy qilindi va natijada tegirmon bloki toʻliq quvvat darajasiga keltirilgan hamda kombinatning elektr energiyasini tejalishiga erishilgan.
Yuqorida keltirilgan maʼlumotlardan koʻrinadiki, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi tomonidan hayotimizning ajralmas qismiga aylanib borayotgan elektron xizmatlarning yoʻlga qoʻyilishi borasida xayrli ishlar amalga oshirilib boshlangan. Zamonaviy dunyoda esa insonlar oʻrtasidagi munosabatlarni qurishda AKT sohasining xizmati kattadir.
Gulbahor SAIDGʻANIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi hamda “Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring